Toshkent shahridagi Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Ushbu uchrashuv yoshlarning bilim va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, sohadagi istiqbolli yoʻnalishlar hamda kelgusi imkoniyatlar haqida fikr almashishga bagʻishlandi.
Muloqot davomida talabalar kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot oldilar. Shuningdek, talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taklif va tashabbuslarini bildirish imkoniga ega boʻldilar. Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari joriy yilning 24-fevral kuni yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idoralar va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida oʻtkazilishini maʼlum qilgan edi.
Uchrashuv yakunida kimyo sanoatining kelajagi zamonaviy bilim va innovatsion gʻoyalarga ega yosh mutaxassislar bilan chambarchas bogʻliq ekani taʼkidlandi. Talabalar bilan ilmiy izlanishlar, startap loyihalar va ishlab chiqarish amaliyotini uygʻunlashtirish orqali sohada yangi yechimlar yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlarning tashabbus va gʻoyalari kimyo sanoatini yanada rivojlantirishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.