Joriy yilning 18-dekabr kuni Chirchiq kimyo-industrial texnoparkida 2024-yil – “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” sarhisobi hamda Respublika boʻyicha oʻtkazilayotgan “Oʻzbekiston yoshlari forumi-2024” tadbirlari doirasida “Oʻzkimyosanoat” va “Maxam-Chirchiq” aksiadorlik jamiyatlari boshqaruvi raislari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda “Maxam-Chirchiq” AJda va faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq yoshlar hamda kimyo yoʻnalishida taʼlim olayotgan iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Taʼkidlash joiz, hozirda “Oʻzkimyosanoat” AJ markaziy apparati hamda tarmoq korxonalarida 28 mingta yaqin ishchi-xodimlar faoliyat yuritayotgan boʻlib, ulardan 5305 nafarini yoshlar tashkil etadi. Jamiyat yoshlarining 60 nafari rahbar lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Joriy yilda tizim korxonalarida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida 380 ta intellektual, sport hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilgani Jamiyatda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibordan dalolat beradi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan tadbir tizimdagi yoshlar bilan samimiy suhbat orqali ularning ichki dunyosiga nazar solish, qiziqishlarini oʻrganish hamda tahlil qilish orqali muammolarini hal qilish maqsadlariga qaratildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Boshqaruvi raisi Odil Temirov oʻz soʻzida mamlakatimiz kimyo sanoati sohasida faoliyat olib borayotgan barcha yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash, sohada yoshlar ulushini yanada oshirish, ularga ish sharoitlarini yanada yaxshilish borasidagi saʼy-harakatlar bundan keyin ham faol davom ettirilishini taʼkidlab oʻtdi.
Faol, tashabbuskor hamda isteʼdod egalari korxonalarda yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida oʻz fikrlarini bayon qilishdi hamda yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash hamda imkoniyatlar yaratishga qaratilgan takliflarni bildirishdi.
Yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amaliyotga joriy qilish, shu bilan birga, aytib oʻtilgan muammolarni hal etish boʻyicha yoʻl haritasi ishlab chiqiladigan hamda ijrosi taʼminlanadigan boʻldi.
Tadbir davomida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan bir qator faol yoshlar taqdirlandi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati