
Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan “C5+1” formatidagi uchrashuvlar doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ vakillari AQShning qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Xalqaro tadbirlar Markaziy Osiyo va AQSh oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va sanoat tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga qaratilgan.

Uchrashuvlar AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida boʻlib oʻtmoqda.
Muzokaralar davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi AQShning sohadagi yetakchi “Aquatech”, “CB&I”, “Honeywell International”, KBR, Inc. va “Powerscape Global” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotda kimyo sanoatida ilgʻor texnologik yechimlardan foydalanish, zamonaviy ishlanmalarni oʻrganish va oʻzaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Mazkur muzokaralar “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni oʻrganish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda milliy kimyo sanoatining raqobatbardoshligini yuksaltirishga qaratilgan hamkorlik yoʻnalishlarini belgilashda muhim oʻrin tutadi.