“O'zkimyosanoat” AJ tomonidan “Komplaens-nazorat” tizimi faoliyati yuzasidan uchrashuv tashkil etildi

// 25.03.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (126.65 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida joriy yilning 24 mart kuni tashkilot tizimida tashkil etilgan “Komplaens-nazorat” tizimi faoliyati yuzasidan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Tadbirda “KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti vakillari I. Burdikova, O. Dubanevich, X.Gazixanov va S.Mirza-Axmedova, “O'zkimyosanoat” AJ Komplaens-nazorat xodimlari hamda tashkilot tizimidagi korxona vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan respublikamizda korruptsiyaga qarshi kurashish va komplaens-nazorat tizimini rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganligi, jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5729-son Farmoniga muvofiq kimyo sanoati korxonalarida ham mazkur tizim yo'lga qo'yilganligi alohida ta'kidlandi.

“KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti vakili I.Burdikova komplaens tizimini joriy etish mexanizmlari va uning samaradorligi haqida ma'lumot berdi. Tashkilot tomonidan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida tadbirlar va davra suhbatlari o'tkazilishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, tadbirda “O'zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan ichki me'yoriy hujjatlarni o'zlashtirish va xodimlarga tushuntirish jarayonida vujudga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.

Jumladan, ishonch telefoni orqali kelib tushayotgan anonim xabarlarni ko'rib chiqish jarayonining O'zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonuni talablariga muvofiqligi, korxonalarda korruptsion xavf-xatarlarni baholashda omillarning asoslantirilganligi yuzasidan muzokaralar bo'lib o'tdi.

Davra suhbati davomida “O'zkimyosanoat” AJ Komplaens xizmati tomonidan fuqarolarni ishga olish, xodimlarni lavozimdan lavozimga o'tkazish va xaridlarni amalga oshirishda korruptsiogen omillarning va jamiyat mulki talon-toroj qilinishining oldini olish, xarid tizimi shafofligini ta'minlash va sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumot berildi.

Tadbir so'ngida “O'zkimyosanoat” AJ tizimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan 2020-2021 yillarda yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish va ularning oldini olish bo'yicha “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini o'rganish maqsadida 2021 yil 19 aprel kuni jamiyatda “KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti vakillari tomonidan ichki audit o'tkazilishi ma'lum qilindi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati