O'zA: “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmi oshiriladi

// 12.09.2026 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (523.09 KB)

Kimyo sanoatida mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, ularni modernizatsiya qilish va mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda “O‘zkimyosanoat” AJda Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries” hamda “Mitsubishi Machinery” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda “Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish loyihasi muhokama qilindi.

Uchrashuvda mavjud quvvatlarni minimal modifikatsiya qilish va investisiya xarajatlari hisobiga ishlab chiqarish hajmini 15-20 foizga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Loyihani texnik jihatdan chuqur o‘rganish maqsadida tomonlar o‘rtasida ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Guruh tomonidan zarur texnik hisob-kitoblar amalga oshirilib, ularning natijalari asosida loyihaning keyingi bosqichlari belgilab olinadi.

Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik masalalari 9 sentyabr kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan Yaponiya-O‘zbekiston forumi doirasida ham muhokama qilingan. Forum doirasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni tizimli tashkil etish maqsadida “MOU” kelishuvi imzolangan.

N.Ziyodullayeva, O‘zA


So'nggi yangilash sanasi: 29.09.2026