“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir qator vazirlik va tashkilotlarga kimyoviy dezinfektsiya mahsuloti taqdim etildi

// 26.03.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (349.85 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda COVID-19 koronavirus infektsiyasining tarqalishining oldini olishga hamda aholi salomatligiga tahdid soluvchi turli yuqumli kasalliklar va infektsiyalardan himoya qilishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni yanada samarali tashkil etishga ko'maklashish maqsadida tashkilot tizimidagi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan dezinfektsiya amaliyotida qo'llaniladigan natriy gipoxlorit mahsuloti bir qator vazirlik va tashkilotlarga beg'araz taqdim etildi. Jumladan, natriy gipoxlorit O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va hududiy boshqarmalari, O'zbekiston Respublikasi transport vazirligi, O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi kabi o'nga yaqin vazirlik va tashkilotlarga “Jizzax plastmassa” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan 60 litrlik plastik taralarga solib, taqdim etildi.

Natriy gipoxlorit - bu gipoxlor kislotasining tuzi bo'lib, yuqumli kasalliklar o'choqlarida turli xil ob'ektlar va sekretsiyalarni zararsizlantirish, shuningdek, maxsus ob'ektlarni dezinfektsiyalash uchun joriy, yakuniy va profilaktik dezinfektsiya paytida qo'llaniladi.

Natriy gipoxlorit dizenfektsiya mahsuloti O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronovirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida transport vositalarini dezinfektsiya qilish hamda korxona tashkilotlarni dezinfektsiya vositalari bilan ta'minlashga ko'maklashish maqsadida vazirlik va tashkilotlarga beg'araz taqdim etildi.

Mamlakatimiz miqyosida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni yanada samarali tashkil etishga kichik hissamizni qo'shish orqali koronavirus infektsiyasining tarqalishining oldini olishga erishamiz degan umiddamiz. Asosiysi har birimiz O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi ko'rsatmalariga amal qilgan holda uyda qolib avvalo o'zimizni va yaqinlarimizni himoya qilmog'imiz lozim.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati