Mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotganligini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan qator tartib va cheklovlar joriy etilmoqda. Koronavirus infektsiyasi bilan bog'liq epidemiologik vaziyatni yaxshilashning eng maqbul usuli vaktsinatsiya jarayonlarini imkon qadar tez va ommaviy o'tkazish ekanligi olim va mutaxassislar tomonidan e'tirof etilmoqda.
Vaktsina olish orqali Siz nafaqat o'zingizni, balki oila a'zolaringiz, hamkasblaringiz va qolaversa, jamiyat salomatligini himoya qilasiz va xavf-xatardan xoli bo'lasiz. Shuningdek, davlat byudjeti mablag'lari hisobidan bepul amalga oshirilayotgan ommaviy emlanish tadbirlaridagi ishtirokingiz bilan keskin epidemiologik vaziyatni bartaraf etishga hissa qo'shasiz.
“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbar va xodimlari emlash tadbirlarida faol ishtirok etib, ZF-UZ-VAC 2001 xitoy-o'zbek vaktsinasini qabul qildilar.
Kimyo sanoati korxona va tashkilotlarida faoliyat ko'rsatayotgan ishchi-xodimlarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida koronavirus infektsiyasiga qarshi emlash tadbirlarida faol ishtirok etishga chorlayman. Bu jarayonda turli mish-mishlar va asoslanmagan ma'lumotlarga emas, mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish maqsadga muvofiqligini qayd etgan holda o'zingiz va yaqinlaringiz sog'lig'iga befarq bo'lmaslikka chaqiraman.
Koronavirus infektsiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarida faol ishtirok etish orqali dunyo ahlini vahimaga solayotgan va taraqqiyotga tahdid solayotgan kasallik zanjirini uzishga o'z hissamizni qo'shaylik!
Hurmat bilan,
Boshqaruv raisi J.Mirzamahmudov