Joriy yilning 31 avgust kuni O'zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi binosida O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi v.b. J.Mirzamahmudov ishtirokida videokonferentsaloqa orqali “Mitsubisi Korporeyshn” va “Mitsubisi Xevi Indastriz” kompaniyalari rahbariyatining vakillari bilan muzokaralar o'tkazildi.
Muzokaralar davomida “Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish majmuasini qurish” loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, qurilish maydoniga kadrlarni safarbar etish va qisqa muddatlarda ob'ektning ishga tushirilishini ta'minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, To'raqo'rg'on IESda ishga tushirish-sozlash ishlarining tashkiliy masalalari ham muhokama qilindi.
Xususan, yaponiyalik mutaxassislarni qurilish maydoniga qaytarish va ishga tushirish-sozlash ishlarini jadallashtirish, maydon va tashqi infratuzilmani tayyorlash, majmuani ishga tushirish va undan foydalanishga jalb etiladigan mahalliy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalari muhokamalar markazida bo'ldi.
Yaponiya tomoni barcha ishlarni xavfsizlik chora-tadbirlariga rioya qilgan holda imkon qadar tez orada va sifatli yakunlash uchun barcha zarur sa'y-harakatlarni amalga oshirishini ta'kidlab o'tdi.
Joriy yilning sentabr oyida yaponiyalik mutaxassislar, shuningdek, boshqa davlatlardan jalb etilgan mutaxassislarni bosqichma-bosqich qaytarishni tashkil etish va joriy yil oxiriga qadar zamonaviy majmuani ishga tushirish bo'yicha barcha kompleks ishlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi yaponiyalik hamkorlar bilan energetika va kimyo sanoati tarmoqlarida o'zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish maqsadida Yaponiyadagi rasmiy tashrifini davom ettirmoqda.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati