Mineral o‘g‘itlar bo‘yicha bildirilgan har bir murojaat o‘z vaqtida hal etiladi

// 15.02.2024 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (120.02 KB)

Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish va 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimiga qator topshiriqlar berildi. Prezidentimiz yig‘ilishda respublikamizda fermerlarimiz, dehqonlarimiz tomonidan bildirilgan bir qancha e’tirozlarni ta’kidlab o‘tdilar.

Unda aynan ushbu masalalar yuzasidan bizga bir qancha topshiriqlar berildi. Birinchi navbatda, tannarxni kamida 15 foizga kamaytirishda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, ikkinchi navbatda, narxlar oshishining oldini olish maqsadida birja savdolariga kamida 50 foizdan ortiq mineral o‘g‘itlarni qo‘yib borish vazifasi berildi. 

Bundan tashqari, bugungi kunda tizimimizdagi 115 ta omborga qo‘shimcha ravishda yana 70 omborni har bir tuman kesimida tashkil etish topshirig‘i berildi. Mahsulotlarimizning sifatini ta’minlash va yetkazib berish mexanizmlarini takomillashtirish uchun ham aniq topshiriqlar qo‘yildi. 

2 oy oldin 150 nafar xodimdan iborat ishchi guruhi barcha tumanlarga safarbar qilingan. Ishchi guruhimiz joylarga sifatli o‘g‘itlarni o‘z vaqtida yetkazib berish, fermerlarga ajratilayotgan mablag‘larning samarali sarflanishini, birjadan sotib olish tartibini ularga tushuntirish, qanday brokerlarga murojaat qilish, u orqali mineral o‘g‘itlarimizni birja savdolari orqali sotib olish, tiketni korxonaga yetkazish yoki ushbu tiket orqali omborxonadan yuklash xizmatlari tizimi va tartibini aniq tushuntirish hamda yetkazilgan mahsulotlar sifatini kafolatlash bilan shug‘ullanayotir. 

Ishchi guruh tomonidan ko‘plab muammoli masalalar o‘rganilmoqda, masalalar markazlashgan tartibda “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi apparatiga yetkazilmoqda. Biz kamchiliklarimizni to‘g‘rilab bormoqdamiz. 

1 yanvardan tannarxni 15 foizga qisqartirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Chora-tadbirlar rejasi aniq ishlab chiqilgan va yil yakuniga qadar Prezidentimiz belgilab bergan ko‘rsatib bergan natijalarga erishamiz. Mineral o‘g‘itlarning narxi oshishini oldini olish maqsadida korxonalarimizda ishlab chiqarish jarayonini ham takomillashtirib boramiz. 

Prezidentimiz topshiriqlarida keltirilgan 70 ta omborxona yaratish bo‘yicha aniq rejalar ham tuzilgan. Omborxonalarni qaysi tumanlarda tashkil etish va qaysi fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish yo‘nalishlari ham ishlab chiqilmoqda. 

Bularning barchasi maxsus telegram botimizda barcha ma’lumotlari va lokatsiyalari bilan ko‘rsatib boriladi. Qaysi omborlarda qancha mahsulot bor, ishchi guruhdan tumanga qaysi mutaxassis biriktirilgani kabi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, dispetcherlik xizmatimizda markazlashgan holda murojaat uchun telefon raqamlari va statsionar telefoni faoliyat yuritadi. 

Timur Muhamedjonov, 

“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi v.b. 

Manba: 15.02.2024, O‘zA


So'nggi yangilash sanasi: 29.03.2024