Mineral o‘g‘itlar savdosida yangi tizim joriy etilmoqda

// 11.03.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.71 KB)

Bugun AOKAda oʻtkazilgan brifingda "Oʻzkimyosanoat" AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar Toʻlaganov mineral oʻgʻitlarni birja savdolarida sotish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Unda taʼkidlanishicha, mineral oʻgʻitlarni birja savdolarida sotishning yangi tizimi joriy qilinmoqda. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini jadallashtirish va hosildorlikni oshirishda mineral oʻgʻitlar muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotlarga koʻra, ekinlar hosilining qariyb yarmi mineral oʻgʻitlar hisobiga olinadi.

Shunga koʻra, jamiyat tomonidan fermerlar, klaster xoʻjaliklari va boshqa isteʼmolchilar uchun qator qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, kimyo korxonalari mineral oʻgʻitlarni Respublika tovar-xomashyo birjasida forvard shartnomalar asosida sotishni joriy qildi.

– Forvard shartnomasi fermerlarga oʻgʻitlarni oldindan toʻlovning 30 foizgacha miqdorini toʻlab, qolgan qismini 90 kun ichida faktoring xizmati orqali amalga oshirish imkonini beradi. Masalan, fermer xoʻjaligi 100 million soʻmlik ammiakli selitra xarid qilishni rejalashtirsa, u 30 foizgacha oldindan toʻlovni amalga oshiradi. Sotuvchi korxona hujjatlarini rasmiylashtirib, bankka taqdim etadi. Bank esa qolgan 70 million soʻm miqdorida faktoring kreditini rasmiylashtirib, mineral oʻgʻit ishlab chiqaruvchi korxonaga mablagʻ oʻtkazadi, – dedi H.Toʻlaganov.

Ushbu kredit garov talab qilinmaydigan moliyaviy vosita boʻlib, uning 5 foizgacha diskonti korxona tomonidan qoplab beriladi. 90 kundan keyin fermer xoʻjaligi yetishtirilgan hosilning daromadidan faktoring kreditini bankka qaytaradi.

Tadbirda axborot xizmati rahbari yangi tizim orqali fermerlar oʻgʻitlarni oʻz vaqtida xarid qilish imkoniyatiga ega boʻlishi, ishlab chiqaruvchilar esa mablagʻni darhol olib, faoliyatini barqaror davom ettirishi mumkinligini taʼkidladi.

N.Ziyodullayeva, OʻzA