Mineral o‘g‘it – mo‘l hosil garovi

// 23.02.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.86 KB)

Qishloq xoʻjaligini mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash hosildorlikni oshirishning muhim vositasi boʻlib, iqtisodiy jihatdan eng samarali yoʻl ekani barchaga maʼlum. Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, ekinlardan olinadigan hosilning qariyb yarmi mineral oʻgʻitlar hisobiga olinadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan Qashqadaryo viloyatida “Mineral oʻgʻit-moʻl hosil garovi” mavzusida oʻtkazilgan amaliy seminarda ham ana shu jihatlarga eʼtibor qaratildi.

Tadbirga  viloyat va tuman hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, qishloq xoʻjaligi boshqarmalari rahbarlari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari hamda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbarining 2025-yil 17-yanvardagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qoʻllashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining 14-bandida “Oʻzkimyosanoat” AJ Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda har oyda kamida bir marta hududlarda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mineral oʻgʻitlarning sifati va xususiyatlari yuzasidan dehqon, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari ishtirokida tahlillar oʻtkazish, ularning fikrlarini oʻrganish hamda maqbul takliflarni amaliyotga tatbiq etish tizimini yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berilgan.

Seminar ishtirokchilariga “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mineral oʻgʻitlarning sifati va xususiyatlari, mineral oʻgʻitlarni birjada chegirma narxlarda sotish mexanizmi, hududlarda faoliyat olib borayotgan korxonalarning ijara (vakolatli) omborlari xususida batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi.  

Shuningdek, mineral oʻgʻitlarni sotib olishda yaratilgan qulay sharoitlar, xususan birjada alohida “Forvard” kontraktlarda oldindan 30 foiz toʻlov, qolgan 70 foiz qismiga faktoring xizmatidan foydalangan holda xarid qilish mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.  

Amaliy muloqot tarzida oʻtgan tadbirda mutasaddilar fermerlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdi.  

“SHARQROS UNIVERSAL SERVIS” MCHJ vakolatli omborida esa  seminarning asosiy qismi hisoblangan mineral oʻgʻitlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Mavjud mineral oʻgʻitlar namoyish qilinib, viloyat agrokimyoviy tuproq tahlili markazi mobil laboratoriyasida oʻgʻitlarni tekshiruvdan oʻtkazish, sifat darajasini aniqlab berish jarayoni amaliy koʻrsatildi.  

– Tuproq va mineral oʻgʻitlarni agrokimyoviy tahlildan oʻtkazgan holda agrotexnik hamda profilaktik tadbirlarni amalga oshirish juda muhim, – deydi viloyat agrokimyoviy tahlil markazi direktor oʻrinbosari Sunnat  Hasanov. – Fermer xoʻjaliklari va dehqon tomorqa yer egalari mineral oʻgʻitlarni tahlil qilingan xulosalari bilan birga, oʻgʻitlardan foydalanish qoidalari haqida ham tushunchaga ega boʻladi. Tuproq ortiqcha va kerak boʻlmagan mineral oʻgʻitlardan saqlanadi. Bu yer egasiga har tomonlama foydali boʻlishi barobarida hosilni moʻl va sifatli qiladi.

Oʻlmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), OʻzA muxbirlar