O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 apreldagi “Mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni majburiy markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur tizimni amaliyotga tatbiq etish maqsadida “O‘zkimyosanoat” AJda o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari vakillari, mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi operatori hisoblangan “CRPT TURON” MCHJ, shuningdek, markirovkalash tizimi integratorlari ishtirok etdi. Seminarning asosiy maqsadi – mineral o‘g‘itlar hamda o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni majburiy markirovkalash tizimini joriy etish jarayonlari, uning texnik va amaliy jihatlari bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga markirovkalash tizimining huquqiy asoslari, “Asl belgisi” milliy axborot tizimining ishlash mexanizmi, mahsulotlarni ishlab chiqarishdan to iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan zanjirda raqamli kuzatuvni tashkil etish, shuningdek, axborot tizimlarini integratsiya qilish masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, amaliy mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilar markirovka kodlarini shakllantirish, ularni mahsulotga joylashtirish va tizimga kiritish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ushbu tizimni joriy etish orqali ichki bozorda mahsulotlarning shaffofligini ta’minlash, kontrafakt va noqonuniy aylanmani kamaytirish, shuningdek, iste’molchilar xavfsizligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mazkur tashabbus tarmoqda raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
“O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan tashkil etilgan ushbu o‘quv seminari sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar, mutasaddi tashkilotlar hamda texnik mutaxassislar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, majburiy markirovkalash tizimini samarali va uzluksiz joriy etishga xizmat qiladi.