“Oʻzkimyosanoat” AJ, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda har oyda kamida bir marta hududlarda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mineral oʻgʻitlarning sifati va xususiyatlari yuzasidan dehqon, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari ishtirokida tahlillar oʻtkazish, ularning fikrlarini oʻrganish hamda maqbul takliflarni amaliyotga tatbiq etish tizimini yoʻlga qoʻyishishlari amalga oshirilmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan fermerlar va dehqon xoʻjaliklari vakillari ishtirokida Qashqadaryo viloyatida “Mineral oʻgʻit - moʻl hosil garovi” mavzusida amaliy seminar oʻtkazildi.
Tadbirga viloyat va tuman hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, qishloq xoʻjaligi boshqarmalari rahbarlari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari hamda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari vakillari taklif etildi.
Seminar ishtirokchilariga “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mineral oʻgʻitlarning sifati va xususiyatlari, mineral oʻgʻitlarni birjada chegirma narxlarda sotish mexanizmi, hududlarda faoliyat olib borayotgan korxonalarning ijara (vakolatli) omborlari xususida batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi.
Shuningdek, birjada alohida “forvard” kontraktlarda oldindan 30 foiz toʻlov, qolgan 70 foiz qismiga faktoring xizmatidan foydalangan holda xarid qilish mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Amaliy muloqot tarzida oʻtgan tadbirda mutasaddilar fermerlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdilar.
“Sharqros universal servis” MCHJ vakolatli omborida esa seminarning asosiy qismi hisoblangan mineral oʻgʻitlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati