“Maxam-Chirchiq” AJda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi

// 26.12.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (76 MB)

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash — bu shunchaki dastur yoki shior emas, balki kelajakka qilingan aniq sarmoyadir. Yosh insonga ishonch bildirish, uning tashabbusini qoʻllab-quvvatlash va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun sharoit yaratish orqali jamiyat barqaror va sogʻlom rivojlanadi. Har bir yoshning bilimi, mehnati va masʼuliyati qadrlangan muhitda ular oʻz oʻrnini topadi, yurti taqdiriga daxldor ekanini his qiladi va shu his-tuygʻu bilan halol, fidokor va tashabbuskor boʻlib kamol topadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqotni taʼminlashga qaratilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” loyihasi ham ana shu maqsadda muntazam tashkil etib kelinmoqda. 

“Oʻzkimyosanoat” AJ raisining birinchi oʻrinbosari Yevgeniy Korjikov ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi muloqot “Maxam-Chirchiq” AJ yoshlari bilan boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda “Maxam-Chirchiq” AJ boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov,  “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi aʼzolari va 120 nafar korxona yoshlari ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun, hozirda korxonada 5 500ga yaqin ishchi-xodimlar faoliyat yuritayotgan boʻlib, ulardan 925 nafarini yoshlar tashkil etadi. Jamiyat yoshlarining 79 nafari rahbar va muhandis-texnik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.

Rasmiyatchilikdan holi, jonli muloqot shaklida oʻtgan uchrashuvda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Bundan tashqari korxonada ishlab chiqarish samaradorligini taʼminlash, innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan qator takliflarini ham bildirib oʻtishdi. Xususan, “Maxam-Chirchiq” AJning yaqin 3-5 yillik strategik rivojlanish rejalari, kimyo korxonalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yoʻnalishlar,  yosh kimyogarlar oldida turgan masalalar boʻyicha savollar yoʻllandi. 

Shu bilan birga sohada sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan tanlovlarni yoʻlga qoʻyish, yoshlarning malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha takliflar ilgari surildi. 

Tadbir nihoyasida har tomonlama faol boʻlgan yosh xodimlar tashabbuskorligi yuqori baholanib, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. 


 


So'nggi yangilash sanasi: 26.12.2025