“O'zkimyosanoat” AJ tomonidan chekka hududlardagi umumta'lim maktablarida zamonaviy kimyo sinf xonalari qaytadan to'liq ta'mirlanib, laboratoriya xonalari jihozlanmoqda.

// 24.07.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (41.67 KB)

Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimizda yoshlarni  kimyo va biologiya fanlari bo'yicha chuqur o'qitish hududlarda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, yuqori qo'shilgan qiymat yaratadigan farmatsevtika, neft, gaz, kimyo, tog'-kon, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini jadal rivojlantirish borasida olib borayotgan islohotlari uzviy davomi sifatida “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan chekka hududlardagi umumta'lim maktablarida zamonaviy kimyo sinf xonalari qaytadan to'liq ta'mirlanib, laboratoriya xonalari jihozlanmoqda.

Bundan ko'zlangan asosiy maqsad kimyo va biologiya fanlari bo'yicha ta'lim sifatini tubdan oshirish, umumta'lim maktablarida ushbu fanlarni o'qitishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, ta'lim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa o'quv jihozlari bilan ta'minlash, ushbu yo'nalishlarga malakali o'qituvchi-murabbiylarni jalb etish, kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o'rtasida o'zaro yaqin muloqot va hamkorlikni yo'lga qo'yish hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi “Kimyo va biologiya yo'nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4805-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon,Namangan, Farg'ona viloyatlari hamda Toshkent shahridagi maktablarining kimyo sinfi va laboratoriya xonalari ta'mirlanmoqda. Ta'mirlash ishlari yakunlangach, kimyo xonalari laboratoriyalari yangi zamonaviy jihozlar bilan ta'minlanadi.

Ta'mirlash va jihozlash ishlari 2021-2022 o'quv yili boshiga qadar yakunlanib, ob'ektlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Yangi o'quv yiliga qadar yosh avlodning kimyo fanining sir-asrorlarini chuqur o'rganishga, nafaqat nazariy bilim olish balki amaliyotda turli tajribalar o'tkazib, ushbu fanga qiziqishlari oshishiga o'z hissamizni qo'shamiz degan umiddamiz.