Oʻzbekiston-Germaniya forumi doirasida “Navoiyazot” AJ va “Linde” kompaniyasi oʻrtasida majmuaning ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirish uchun “Navoiyazot” AJda “Havoni taqsimlash uskunasini oʻrnatish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi.
Mazkur loyihada “Linde” asosiy investor - asosiy aktsiyador - 51% va loyihaning asosiy pudratchisi sifatida ishtirok etadi. Dastlabki hisob kitoblarga koʻra loyiha qiymati 90 million AQSH dollarini tashkil etadi, u 800 ming m3 dan ortiq gazsimon kislorod va azot ishlab chiqarishni koʻzda tutadi. Loyihani 2026-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida “Navoiyazot” AJ hududida 1964 va 1971-yillarda foydalanishga topshirilgan mavjud “Havoni taqsimlash uskunasi” oʻrnini zamonaviy uskuna egallaydi va majmua yiliga 91 million kVt/soat elektr energiyasini tejash imkonini beradi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, “Linde” kompaniyasi sanoat va tibbiy gazlarni ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati