“Oʻzkimyosanoat” AJ va “Linde group” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

// 08.07.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.24 MB)

Joriy yilning 6-iyul kuni “Oʻzkimyosanoat” AJ va Germaniyaning “Linde group” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzkimyosanoat” AJ vakillari,  “Linde group”  kompaniyasining Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropa boʻyicha prezidenti Oliver Pfann hamda Rossiya va MDH mamlakatlarida investitsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Tomas Hilkerlar ishtirok etishdi.

Imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda “Linde group” kompaniyasi birgalikda, Toshkent viloyatida vodorod hamda ammiak ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarini amalga oshirishi koʻzlangan boʻlib, jismonan eskirgan ishlab chiqarish majmuasi oʻrniga yangi, zamonaviy, energotejamkor vodorod ishlab chiqarish uskunasini oʻrnatish hamda murakkab turdagi mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarish loyihasi doirasida ammiak ishlab chiqarish majmuasini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, xorijiy hamkor bilan birgalikda “Navoiyazot” AJda umumiy qiymati 66,0 mln AQSH dollariga teng boʻlgan “Havoni taqsimlash uskunasini oʻrnatish” loyihasini amalga oshirish maqsadida qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha tegishli hujjatlar kelishib olindi.  

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, “Linde group”  kompaniyasi sanoat va tibbiy gazlarni ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati