“Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ekologik barqarorlikni oshirish hamda muammolarni hal etish maqsadida Jamiyatning Texnik jihatdan tartibga solish va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish departamenti Ekologiya va “yashil” iqtisodiyot boʻlimi xodimlari 1-2-may kunlari “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda boʻlishdi.
Dastlab mutaxassislar korxona shlam havzasining ishchi holati va suv tahlillari hamda chang gaz tozalash uskunalarining ishlash holati (aspiratsiya tizimlari) va boshqa texnik koʻrsatkichlarini oʻrganib chiqishdi.
2-bosqich shlam havzasi atrofida “Oʻzbekgidrogeologiya” DM tomonidan 15 ta nazorat quduqlari burgʻulanib, hozirgi kunda jamiyat ekoanalitik laboratoriyasi laborantlari tomonidan haftaning har chorshanba kuni, viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi masʼullari tomonidan esa har oyda bir marotaba namunalar olinib fizik-kimyoviy tahlillar oʻtkazib borilmoqda.
Shuningdek, “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar koʻzdan kechirildi.
Loyiha doirasida korxona va unga tutash hududlarda shu yilning bahor mavsumida jami 50 000 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. 19.2 ga yer maydonlarida “Yashil belbogʻ”lar barpo etildi.
Korxona faoliyatini ekologik jihatdan oʻrganishlar natijasida atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha olib borilayotgan ishlarni yanada yaxshilash va tizimning barqaror ishlashini taminlash yuzasidan mutassaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati