“O‘zkimyosanoat” АJ tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar minimallashtirilmoqda

// 14.01.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (49.83 KB)

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talablari asosida tashkil etilgan ishlar va axborot kanallari orqali kelgan maʼlumotlar tahlili natijasida tashkilot tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar quyidagi 4 ta yo‘nalishda qayd etilayotganligini kuzatish mumkin:

  1. Fuqarolarni ishga olish va mehnat munosabatlarida manfaatlar to‘qnashuvida.
  2. Xaridlarni tashkil etish sohasida.
  3. Korxona omborxonalaridagi tovar-moddiy boyliklarini va tayyor mahsulotlarni saqlash sohasida.
  4. Logistika-transport vositalarini texnik ekspluatatsiyasi sohasida.

Mazkur korrupsion xavf-xatarlarni minimallashtirish, oldini olish va chek qo‘yish maqsadida 2022 yilda mazkur sohada amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, “O‘zkimyosanoat” АJ tizimida 2021 yilda aniqlangan xavf-xatarlarni minimallashtirish boʼyicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1. Fuqarolarni ishga olish jarayonini yanada tartibga solish maqsadida “O‘zkimyosanoat” АJ va tizim korxonalariga ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish boʼyicha yo‘riqnoma”, “O‘zkimyosanoat” АJda xodimlarni tanlab olish va tahlil qilish to‘g‘risida Nizom”, “O‘zkimyosanoat” АJ ijro apparati xodimlari zahirasini shakllantirish bo‘yicha yo‘riqnoma”, “O‘zkimyosanoat” АJ ijro apparati xodimlarini rotatsiya qilish tartibi” to‘g‘risida ichki meʼyoriy hujjatlar jamiyatning 2021-yil 21-oktyabrdagi 129-son buyrug‘i bilan qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5177-son qarori talablariga muvofiq ishga qabul qilish jarayonini ochiq tanlov asosida amalga oshirish maqsadida malakalarni baholash bo‘yicha elektron dasturi ishlab chiqildi va unga 3800 ga yaqin savollar joylashtirildi. Shuningdek, o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet orqali real vaqt rejimida kuzatishni taʼminlash uchun alohida xonalar jihozlandi.

Mehnat munosabatlarida qonun buzilish holatlarini o‘rganish maqsadida jami 26 ta xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan. Natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar tayorlangan va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

2. Xaridlarni tashkil etishda inson omilini kamaytirish maqsadida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish tartib-taomillari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi.

Shu bilan birga, “O‘zkimyosanoat” АJ boshqaruv apparatining eng yaxshi takliflarni tanlab olish va tender xarid qilish tartib-taomillarini baholash mezonlari belgilab olindi.

Bundan tashqari, “O‘zkimyosanoat” АJda tuzilayotgan shartnomalarni kelishish, imzolash va ijro etish siyosati”, “O‘zkimyosanoat” АJda kontragentlarni tekshirish bo‘yicha qo‘llanma” va “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” talablarini jamiyat xodimlariga tushuntirish maqsadida seminarlar o‘tkazildi.

3. Korxona omborxonalaridagi tovar-moddiy boyliklari va tayyor mahsulotlarining aniqlangan kamomadi bo‘yicha 7 ta holat bo‘yicha to‘plangan materiallar huquq-tartibot organlariga yuborilgan.

Mazkur holatning oldini olish va bu jarayonda “inson omilini” kamaytirish maqsadida “O‘zkimyosanoat” АJ va tarmoq korxonalarida moliyaviy, xo‘jalik va tashkiliy jarayonlarni avtomatlashtirish tizimini va tarmoq korxonalari resurslarini boshqarish tizimini joriy qilish maqsadida “SAP” kompaniyasining (GFR) “ERP” tizimi asos qilib olinmoqda. Ushbu maqsadda olib borilgan muzokaralar natijasida “SАP SNG” MChJ bilan kelishuv memorandumi imzolandi.

Germaniyada imzolangan memorandum doirasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi qoshida raqamli transformatsiya bo‘limi ochildi. Kimyo sanoati korxonalarida ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha o‘rganishlar ishlari boshlandi va loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zkimyosanoat” АJ tarmoq korxonalarida tayyor mahsulotni markirovka qilish avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha texnik vazifa ishlab chiqildi. Mazkur texnik vazifa Аxborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUKdan ijobiy ekspertiza xulosalari olindi. 2021-yilning 16-noyabrida mazkur axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha konkurs eʼlon qilindi va integratorlardan yopiq konvertlarda takliflar qabul qilindi va hozirgi kunda berilgan takliflar o‘rganilmoqda.

4. Tarmoq korxonalarida transport vositalarini texnik ekspluatatsiyasi jaryonida yoqilg‘i-moylash materiallari talon-tarojining oldini olish maqsadida mazkur korxonalarning yengil avtomobillari, yuk avtomobillari va teplovozlariga 337 ta geolokatsiya va yonilg‘i sarfini aniqlash uskunalari (GPS) o‘rnatildi. Natijada hozirgi kunda “Navoiyazot” АJ, “Farg‘onaazot” АJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ va “O‘zkimyoimpeks” MChJlarda 100%, “Maksam-Chirchiq” АJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” АJlarning 70% hamda “Аmmofos-Maksam” АJ 10% texnika vositalariga zamonaviy qurilmalar o‘rnatildi.

Jamiyat va tizimdagi korxonalarda aniqlangan korrupsion xavf-xatarlarni inobatga olgan holda, ularning oldini olish va chek qo‘yish, oqibatlarini, shuningdek, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi va bugungi kunda mazkur sohalarga IT texnologiyalarini qo‘llash ishlari amalga oshilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar doimiy ravishda ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilishi tashkil etiladi.

“O‘zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati