Kimyo sanoatida texnik reglamentlar va standartlarni ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi

// 22.10.2024 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (25.06 MB)

Joriy yilning 18 oktabr kuni “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Davlatlararo standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish kengashi rahbariyati hamda kimyo tarmogʻi korxonalarining masʼul xodimlari ishtirokida Kimyo sanoatida texnik reglamentlar va standartlarni ishlab chiqish mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Unda kimyo sanoati sohasida standartlashtirish ishlarini takomillashtirish, milliy va xalqaro miqyosda samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda sohadagi texnik reglamentlarni ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi holati muhokama qilindi. Uchrashuv sohaga oid mutaxassislar oʻrtasida oʻzaro muloqot shaklida oʻtkazildi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, bugungi kunda kimyo sanoatida 2 506 ta meʼyoriy hujjat amalda boʻlib, ulardan 96 tasi milliy standartlar, 270 tasi xalqaro standartlarga uygʻunlashtirilgan milliy standartlar va 2 140 ta davlatlararo standartlardir.
Sohada mineral oʻgʻitlar xavfsizligi boʻyicha yagona talablarni belgilash hamda xalqaro andozalarga uygʻunlashtirish maqsadida “Mineral oʻgʻitlar xavfsizligi toʻgʻrisida” texnik reglament ishlab chiqilgan. Bundan tashqari “Kimyoviy mahsulotlar xavfsizligi toʻgʻrisida” texnik reglament ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari kun tartibidagi masalalar yuzasidan bir qator taklif va mulohazalarini bildirdilar.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati
 


So'nggi yangilash sanasi: 22.10.2024