Mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmogʻi boʻlgan sanoat sohasida, xususan, kimyo sanoatida energiya resurslaridan samarali foydalanish va “yashil” texnologiyalarga oʻtishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Oʻzkimyosanoat” AJ 2025-yilning birinchi yarim yilligi davomida ushbu yoʻnalishda bir qator amaliy choralarni joriy etdi. Jumladan, yirik korxonalarda energiya auditlari oʻtkazilib, isteʼmoldagi yoʻqotishlar tahlil qilindi va ularni bartaraf etish uchun texnologik jarayonlar modernizatsiya qilindi. Energiya tejovchi uskunalar oʻrnatilishi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining joriy etilishi orqali energoresurslarni sezilarli darajada tejashga erishildi.
Joriy yil yanvar-iyun oylarida tarmoq boʻyicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 29,2 mln m3 tabiiy gaz va 14,9 mln kVt.s elektr energiyasi tejaldi.
Mamlakatimizda barqaror rivojlanish va ekologiyani muhofaza qilish maqsadida quyosh energiyasidan foydalanish soʻnggi yillarda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Quyosh fotoelektr stansiyalarini oʻrnatish orqali anʼanaviy energiya manbalariga boʻlgan yuk kamaytirilmoqda, elektr energiyasi ishlab chiqarishda chiqindisiz, tabiiy resurslarni tejovchi va iqtisodiy jihatdan samarali texnologiyalar keng qoʻllanilmoqda. Bu jarayonlar nafaqat energetika mustaqilligini oshirishga, balki ishlab chiqarishning ekologik barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.
Bu borada “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugungi kunda tarmoq korxonalarida oʻrnatilgan FESlarning umumiy quvvati 12,0 ming kVtni tashkil etmoqda.
Joriy yil yanvar-iyun oylarida FESlar orqali 7,9 mln kVt.s elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 320,6 ming kVt.s elektr energiyasi xududiy elektr tarmoqlariga uzatilgan. Yaʼni, 96 foiz ishlab chiqarilgan energiya korxonalarda isteʼmol qilingan boʻlsa, 4 foizi sotilgan.Yil soʻnggiga qadar tarmoq korxonalarida umumiy quvvati 4 510 kVt boʻlgan FESlarini qurish rejalashtirilgan
Umuman olganda 2025-yilda energiya samaradorligiga erishish boʻyicha “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashga qaratilgan 51 ta tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 70,1 mln m3 tabiiy gaz va 20,2 mln kVt.s elektr energiyasini tejash nazarda tutilgan.
Bu jarayonlar nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga, balki ekologik barqarorlikni taʼminlashga ham xizmat qilmoqda. “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar kimyo sanoatining raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, uning global tendensiyalarga mos rivojlanishiga ham zamin yaratmoqda.
“O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati