Kimyo sanoati: eksport va investitsiyalarda barqaror oʻsish

// 22.04.2026 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (3.98 MB)

Joriy yilning yanvar–mart oylari yakunlariga koʻra, kimyo sanoatida eksport hajmlari va investitsiya faolligi izchil oʻsishni namoyon etdi. Hisobot davrida sohada amalga oshirilgan ishlar mamlakat iqtisodiyotida kimyo tarmogʻining strategik ahamiyati ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xususan, uch oy davomida jami 57 ta davlatga 27 turdagi kimyo mahsulotlari eksport qilinib, umumiy qiymat 146,5 mln dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich belgilangan rejaga nisbatan 109 foizga bajarilib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 104 foiz oʻsishga erishildi. Eksport tarkibida mineral oʻgʻitlar asosiy ulushni egallab, 74,8 mln dollarlik mahsulot xorijga yetkazib berildi. Ular qatoriga karbamid, ammiakli selitra, sulfat ammoniy, xlorli va sulfat kaliy, superfosfat hamda NPK oʻgʻitlari kiradi. Shuningdek, 71,7 mln dollarlik 20 turdan ortiq boshqa kimyo mahsulotlari ham tashqi bozorlarga chiqarildi.

Mahsulotlar geografiyasi tobora kengayib, qoʻshni davlatlar bilan bir qatorda Yevropa, Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek Janubiy Amerika mamlakatlari bozorlarini ham qamrab oldi. Investitsiya yoʻnalishida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Yanvar–mart oylarida jami 139,8 mln dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, reja 105 foizga bajarildi. Mazkur mablagʻlar doirasida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Navoiyazot” AJ negizida quvvati 75 MVt boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etilmoqda. Shuningdek, “Chirchiq” va “Jizzax” texnoparklarida yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratish, “BRZ” MCHJ XKda zamonaviy shinalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, “JV Continaz” MCHJ tomonidan quruq sian tuzlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mazkur koʻrsatkichlar kimyo sanoatida diversifikatsiya, qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar samarasi hisoblanadi.


So'nggi yangilash sanasi: 22.04.2026