Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12.08.2020-yildagi PQ-4805-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “O`zkimyosanoat” AJ tomonidan D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Kimyo faniga ixtisoslashgan va umumta’lim maktablarining o`qituvchilari uchun dasturiy va ilmiy faoliyatni tashkil etishning innovatsion ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi o`quv seminar-treningi boshlandi. Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali mezbonlik qilayotgan tadbirning ochilish marosimida Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 50 dan ortiq kimyo fani o`qituvchilari, jamiyat vakillari va Rossiyalik mutaxassislar ishtirok etishdi. Shu bilan birga “O`zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi va RKTUning Toshkent shahridagi filiali rektori J. Mirzamahmudov hamda bosh universitet rektori Ilya Vladimirovich Vorotinsevlar video aloqa yordamida online tarzda qatnashib, mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yo`nalishlarda taʼlim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish Davlatning ustuvor vazifalari qatorida belgilanganligi, yoshlarni kimyo va biologiya fanlari bo`yicha chuqur o`qitish hududlarda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, yuqori qo`shilgan qiymat yaratadigan farmatsevtika, neft, gaz, kimyo, togʻ-kon, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini jadal rivojlantirishga turtki berishi hamda pirovardida xalqimiz turmush sharoiti va daromadlarini oshirishga puxta zamin hozirlashi, shuningdek, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sohadagi ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanish borasida uzviy bogʻliqlik, samarali muloqot va hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi lozimligi, bunda esa kimyo fani o`qituvchilarining ahamiyati ulkan ekanligi, Rossiyalik malakali mutaxassis taklif qilinib tashkil etilayotgan seminardan ko`zlangan asosiy maqsad yurtimizda kimyo fanini rivojlantirish, maktablarimizda yosh kimyogarlar sonini oshirish, kimyo sanoati qanchalik kerakli ekanligini fan o`qituvchilari orqali yoshlarga yetkazish ekanligini ta’kidlashdi, qolaversa seminar-trening faoliyatida barchaga omad tilashdi.
Ochilish marosimi davomida ishtirokchilar RKTU ning Toshkent shahridagi filiali faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, kutubxona hamda zamonaviy o`quv va labaratoriya xonalari bilan tanishishdi va shundan so`ng seminar-treningga start berildi.
28 fevral - 5 mart kunlari bo`lib o`tadigan o`quv seminar-treninglarida Respublikamizning qator hududlaridan jami 150 nafar o`qituvchi ishirok etishi ko`zlangan.
Shuni ham alohida ta’kidlab o`tish zarur, Kimyo va biologiya fanlari bo`yicha taʼlim sifatini tubdan oshirish, umumtaʼlim maktablarida ushbu fanlarni o`qitishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, taʼlim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa o`quv jihozlari bilan taʼminlash, ushbu yo`nalishlarga malakali o`qituvchi-murabbiylarni jalb etish, kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o`rtasida o`zaro yaqin muloqot va hamkorlikni yo`lga qo`yish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kimyo va biologiya yo`nalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to`gʻrisida” 2020-yil 12-avgust kuni PQ-4805-son qarori qabul qilingan bo`lib, ushbu qarorga muvofiq “O`zkimyosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalariga 27 ta umumtaʼlim maktabi kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirish maqsadida biriktirib berildi. 2021-yil davomida barcha maktablarning kimyo xonasi va laboratoriyalar to`liq taʼmirlanib kerakli jihozlar bilan taʼminlandi.
“O`zkimyosanoat”AJ Matbuot xizmati