“Kimyo atamalarining izohli lugʻati” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi

// 01.12.2023 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.05 MB)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoni ijrosi boʻyicha “Kimyo atamalarining izohli lugʻati”ni yaratish va nashr etish alohida vazifa sifatida belgilangan.

Bugun “Oʻzkimyosanoat” AJ da “Kimyo atamalarining izohli lugʻati” kitobining taqdimot marosimi boʻldi. Marosimda “Oʻzkimyosanoat” AJ xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malakasini oshirish markazi vakillari, vazirliklar va idoralar, tarmoq korxonalari rahbarlarining davlat tili bo’yicha maslahatchilari, tilshunos-olimlar ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar, mamlakatimiz kimyo ilm-fani va sanoati tarixida ilk bor oʻzbek tilida tayyorlangan va nashr etilgan lugʻat taqdimoti bilan tabrikladi. “Kimyo atamalarining izohli lugʻati”ni yaratishda ishtirok etgan barcha tilshunos-olimlar, professorlarga minnatdorchilik izhor etildi.

Maʼlumot oʻrnida: “Kimyo atamalarining izohli lugʻati” 2023-yili Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 3000 nusxada chop etilgan. Lugʻatda noorganik, fizik, analitik va biokimyo, kimyoviy texnologiyaning asosiy jarayonlari va qurilmalari boʻyicha 4123 mingga yaqin eng koʻp ishlatiladigan oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi qisqacha izohi keltirilgan. Mazkur lugʻat tadqiqotchilar, texnologlar, tarjimonlar, oʻqituvchilar, doktorantlar, kimyo fakultetlari va universiteti talabalari uchun moʻljallangan.

Kitob “Oʻzkimyosanoat” AJ soha mutaxassislari bilan hamkorlikda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati

 


So'nggi yangilash sanasi: 26.12.2023