“Ixtirochi ayol” ko‘rik-tanlovi o‘z ishini boshladi

// 07.10.2026 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (50.02 MB)

“O‘zkimyosanoat” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ixtirochilik va innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-amaliy g‘oya va loyihalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish maqsadida “Ixtirochi ayol” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda.



Mazkur tanlov xotin-qizlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan.

Tanlovda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi tarmoq korxonalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar, shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali hamda “Yangi O‘zbekiston” universitetida tahsil olayotgan talaba qizlar ishtirok etishmoqda.



Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib,birinchi bosqichda ishtirokchilar o‘zlarining innovatsion loyihalarini taqdim etadi hamda ishlanmaning yangiligi, dolzarbligi, amaliy ahamiyatini yoritadi. Ikkinchi bosqichda esa tarmoq korxonalari va oliy ta’lim muassasalarida g‘olib deb topilgan ishtirokchilarning loyihalari Jamiyat ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilib, tahlil qilinadi.



Tanlov doirasida energiya tejamkorligi, ekologik muammolar yechimi, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, import o‘rnini bosish, korxona xarajatlarini tejash hamda qo‘shimcha daromad keltirishga qaratilgan innovatsion loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilarning loyihalari muammoni hal etish darajasi, taqdimot sifati, tanlangan usulning afzalliklari, shuningdek, loyihaning iqtisodiy va ekologik samaradorligi kabi mezonlar asosida baholandi. “Ixtirochi ayol” ko‘rik-tanlovi xotin-qizlarning ilmiy izlanishlari, innovatsion tashabbuslari va yangi ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda kimyo sanoatida zamonaviy yechimlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.


 


So'nggi yangilash sanasi: 07.10.2026