Issiqxona gazlarini hisoblash mezonlari shakllantirilib, yagona qoʻllanma yaratiladi

// 19.05.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (12.53 MB)

Kimyo sanoatini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlash bilan bir qatorda ishlab chiqarishda  ekologik tozalikni taʼminlash, chiqindisiz  texnologiyalarni va atrof muhitni saqlash bugunning muhim vazifalaridan. 

Yurtimizda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini amalga oshirish doirasida ham ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanoat korxonalarining atrof muhitga bosimini kamaytirish yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda. 

Mazkur yoʻnalishdagi ishlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturidan alohida oʻrin olgan. 

“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida kimyo sanoati korxonalarining issiqxona gazlari ajratmalarini xatlovdan oʻtkazish va uglerodni tartibga solish mexanizmlari taʼsirini baholash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Xususan, bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari uchun issiqxona gazlarini vaqtinchalik hisoblash mezonlari (metodika, formula) shakllantirilib, yagona qoʻllanmani yaratish maqsadida tegishli hisob-kitoblar olib borilmoqda. 

Bu jarayonda qator davlat tashkilotlari jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi”  va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya markazi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 

Bundan tashqari ushbu vazirliklar bilan СВАМ (Carbon border adjustment mechanism) tizimini joriy qilish boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilyapti.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati
 


So'nggi yangilash sanasi: 19.05.2025