“O‘zkimyosanoat” АJ “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi xalqaro ISO 37001:2016 sertifikatiga ega bo‘ldi

// 24.12.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (228.79 KB)

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Аvvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019 yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli Farmoni talablari asosida “O‘zkimyosanoat” АJda Komplayens xizmati tashkil etildi va “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olindi. Mazkur sohada hamkorlik “KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti bilan yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu dasturga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki meʼyoriy hujjatlar, yaʼni “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Аxloq kodeksi”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” kabi 20 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi va o‘rnatilgan tartibda barcha xodimlarga tanishtirish va tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida komplayens nazorat tizimi bosqichma-bosqich kimyo sanoati korxonalariga tadbiq etilmoqda. Jumladan, “Navoiyazot” АJ, “Farg‘onaazot” АJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” АJ, “Maksam-Chirchiq” АJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ, “O‘zkimyoimpeks” MChJ va “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ-QKlarida komplayens nazorat tizimi o‘z faoliyatini yuritmoqda. Shuningdek, “O‘zkimyosanoatloyiha”, “Аmmafos-Maksam” АJlarda mazkur tizimga xodimlar tanlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Jamiyat va tizim korxonalari xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularni huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida komplayens xizmati xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida joriy yilda 120 dan ortiq tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirildi.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida joriy yil davomida ommaviy axborot vositalari va tashkilotning rasmiy veb-sayti orqali sohaga oid jami 40 dan ortiq materiallar eʼlon qilindi.

“O‘zkimyosanoat” АJda xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati masʼul xodimlari hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida seminarlar o‘tkazildi.

Joriy yilning noyabr oyida ISO 37001:2016 xalqaro standart talablariga muvofiq “CERT International” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zkimyosanoat” АJning korrupsiyaga qarshi kurash menejment tizimi auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi va xalqaro auditorlik va sertifikatlash tashkiloti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi amalda samara berayotganining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanuvchi ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikati taqdim etildi.

Ushbu ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritilishi “O‘zkimyosanoat” АJ o‘z navbatida korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy meʼyorlarni hisobga olgan holda har doim o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini vijdonan bajarishi, qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilishi, teng raqobat tamoyillariga amal qilishi va halollik, ochiqlik va vijdonlilikning korporativ madaniyatini shakllantirish bo‘yicha masʼulyatni oshiradi.

“O‘zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati