“Favqulodda vaziyatmi” yoki “favqulodda holat”

// 03.05.2024 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (251.42 KB)

O'quv mashg'ulotidan

Ko‘p hollarda jamiyatimiz tarmoq korxonalarida ishchi-xodimlar tomonidan “favqulodda vaziyat” tushunchasi o‘rniga “favqulodda holat” tushunchasini qo‘llash yoki ushbu tushunchalarni bir-biridan farqlay olmaslik holatlari uchrab turadi. Bu ikkala tushunchaga batafsil ta’rif beramiz. Ko‘p hollarda jamiyatimiz tarmoq korxonalarida ishchi-xodimlar tomonidan “favqulodda vaziyat” tushunchasi o‘rniga “favqulodda holat” tushunchasini qo‘llash yoki ushbu tushunchalarni bir-biridan farqlay olmaslik holatlari uchrab turadi. Bu ikkala tushunchaga batafsil ta’rif beramiz. 

Favqulodda vaziyat:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-oktabrdagi “Texnogen, tabiiy va ekoligik tusdagi favqulodda vaziyatlarning tasnifi to‘g‘risida”gi 455-son qaroriga ko‘ra, “favqulodda vaziyat” – bu muayyan hududda o‘zidan so‘ng odamlarning qurbon bo‘lishi, odamalar sog‘lig‘i yoki atrof-muhitga ziyon yetkazishi, kishilarning hayot faoliyatiga kattagina moddiy zarar hamda uning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, stixiyali ofat, epidemiyalar, epizotiyalar natijasida yuzaga kelgan holatdir.

Favqulodda vaziyatlarning vujudga kelish sabablariga (manbalariga) ko‘ra turlari quyidagilar

I.  Texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar

  • 1. Transport avariyalari va halokatlari.
  • 2. Kimyoviy xavfli obyektlardagi avariyalar.
  • 3. Yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan obyektlardagi avariyalar.
  • 4. Energetika va kommunal tizimlardagi avariyalar.
  • 5. Odamlar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan va zudlik bilan avariya-qutqaruv ishlari o‘tkazilishini hamda zarar ko‘rganlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishini talab qiladigan binolar konstruksiyalarining to‘satdan buzilishi, yong‘inlar, gaz portlashi va boshqa hodisalar.
  • 6. Radioaktiv va boshqa xavfli hamda ekologik jihatdan zararli moddalardan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bog‘liq avariyalar.
  • 7. Gidrotexnik halokatlar va avariyalar.

II. Tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlar

1. Geologik xavfli hodisalar.

2. Gidrometeorologik xavfli hodisalar.

3. Favqulodda epidemiologik, epizootik va epifitotik vaziyatlar.

III. Ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar

1. Quruqlik (tuproq, yerosti)ning holati o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatlar.

2. Atmosfera (havo muhiti) tarkibi va xossalari o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyattar.

3. Gidrosfera holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyattar.

4. Favqulodda vaziyatlarning zarar ko‘rgan odamlar soniga, moddiy zararlar miqdoriga va ko‘lamlariga (hududlar chegaralariga) ko‘ra turlari quyidagilar:

 I. Lokal favqulodda vaziyat - favqulodda vaziyat natijasida 10 dan ortiq bo‘lmagan odam jabrlangan yoxud 100 dan ortiq bo‘lmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan yoxud moddiy zarar favqulodda vaziyat paydo bo‘lgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan ortiq bo‘lmaganni tashkil etadigan hamda favqulodda vaziyat zonasi ishlab chiqarish obyekti yoki ijtimoiy maqsadli obyekt hududi tashqarisiga chiqmaydigan favqulodda vaziyat.

 II. Mahalliy favqulodda vaziyat - favqulodda vaziyat natijasida 10 dan ortiq, biroq 500 dan ko‘p bo‘lmagan odam jabrlangan yoxud 100 dan ortiq, biroq 500 dan ko‘p bo‘lmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan yoxud moddiy zarar favqulodda vaziyat paydo bo‘lgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan ortiqni, biroq 500 ming baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorni tashkil etadigan hamda favqulodda vaziyat zonasi aholi punkti, shahar, tuman, viloyat tashqarisiga chiqmaydigan favqulodda vaziyat.

 III. Respublika favqulodda vaziyati - favqulodda vaziyat natijasida 500 dan ortiq odam jabrlangan yoxud 500 dan ortiq odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan yoxud moddiy zarar favqulodda vaziyat paydo bo‘lgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 500 ming baravaridan ortiqni tashkil etadigan hamda favqulodda vaziyat zonasi viloyat tashqarisiga chiqadigan favqulodda vaziyat.

IV. Transchegaraviy favqulodda vaziyat - oqibatlari mamlakat tashqarisiga chiqadigan yoxud favqulodda vaziyat chet elda yuz bergan va Ozbekiston hududiga daxl qiladigan favqulodda vaziyat.

 Favqulodda holat:

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 15-dekabrdagi “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘RQ-737-son Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Konstitutsiyaviy qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibini belgilashdan iborat. Ushbu Konstitutsiyaviy qonunning 3-moddasida “favqulodda holat” tushunchasiga huquqiy ta’rif berilgan.

Favqulodda holat – Ozbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklariga, shuningdek, yuridik shaxslarning huquqlariga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan ayrim cheklovlar belgilashga yo‘l qo‘yadigan hamda ularning zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida vaqtincha joriy qilinadigan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining alohida huquqiy rejimi.

Favqulodda holat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga va (yoki) hududiy yaxlitligiga bevosita tahdid soladigan hamda favqulodda choralar qo‘llamasdan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, alohida hollarda joriy etiladi.

 Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:

 1. Real tashqi xavf, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy tuzumini va (yoki) hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga urinishlar, ommaviy tartibsizliklar, terrorchilik harakatlari, shuningdek, zo‘ravonlik harakatlari bilan bir vaqtda yuz beradigan, fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning kundalik faoliyatiga bevosita tahdid soluvchi o‘ta muhim hamda toifalangan obyektlarni yoki ayrim joylarni to‘sish yoki bosib olish, qonunga xilof qurolli tuzilmalarni tayyorlash (tashkil etish) va ularning faoliyati, millatlararo, konfessiyalararo va chegaraviy nizolar.

 2. Keng qamrovli avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar amalga oshirilishini talab etadigan yirik halokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, favqulodda ekologik vaziyatlar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, “favqulodda vaziyat” va “favqulodda holat” tushunchalari mutlaqo boshqa-boshqa tushunchalar bo‘lib, me’yoriy hujjatlarda va og‘zaki nutqda ularning biri o‘rniga ikkinchisini qo‘llash xato hisoblanadi.

“Fuqaro himoyasi” jurnali 2024-yil 3-sonidan ko‘chirma


So'nggi yangilash sanasi: 03.05.2024