“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati O'zbekiston Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti tomonidan 1-oktabr – “O'qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Doim e'zozdasiz, aziz ustozlar” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Mamlakatimizda 1 oktabr – “O'qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi bu ulug' zotlarga ko'rsatilayotgan cheksiz hurmat va e'tiborning namunasi hisoblanadi. Zero, ming-minglab murg'ak qalblarga ezgulik yog'dusini sochadigan, o'z o'quvchilariga hayot maktabini beradigan mo'tabar zot - o'qituvchi va murabbiylarimiz bu ehtiromga munosib insonlardir!
Haqiqatdan ham, ko'z nuri va qalb qo'rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag'ishlagan, bir so'z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsinga loyiq.
Tadbirni mamlakatimiz kimyo sohasi rivojiga hissa qo'shgan akademik Jalilov Abdulaxat To'raboevich ochib berdi hamda tadbir ishtirokchisi bo'lgan yoshlarga o'z mehnat faoliyati, ilm-fan yo'nalishida erishgan yutuqlari hamda kashfiyotlari haqida so'zlab berdi. Jumladan, bugungi kunga kelib mamlakatimiz kimyo sanoati jadal suratlar bilan rivojlanayotganligi hamda davlatimiz tomonidan sohani isloh qilishga katta e'tibor qaratilayotganligini alohida ta'kidlab o'tdi.
“Maksam-Chirchiq” AJ Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari J.Abdullaev ham so'zga chiqib, tadbir mexmonlarini bayram bilan tabrikladi hamda tadbir ishtirokchilari bo'lgan yoshlar nomidan minnatdorchilik bildirdi.
Tadbirda “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlari O'zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkilot yetakchilari, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi mas'ul xodimlari, mamlakatimiz kimyo sanoati sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan akademik professorlar, Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari hamda ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir so'nggida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz kimyo sanoati sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan bir guruh akademik professorlarga bayram sovg'alari taqdim etildi.
Bunday tadbirlar “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan ham tashkil etildi hamda tizimda uzoq yillar faoliyat yuritgan pedagog xodimlar taqdirlandi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati