“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimdagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirish va OAV bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan tasdiqlangan 2020 yil davomida press-tur tashkil etish rejasiga muvofiq, 2020 yil 29-30 oktabr kunlari Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasida Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida joylashgan “Tepaqo'ton” kaliy tuzlari koniga press-tur tashkil etildi va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ faoliyati haqida ma'lumot berildi.
Press-turning birinchi kuni jurnalistlar ishtirokchida Shaxrisabz shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida Dor us-siyodat majmuasi, Amir Temur dahmasi, Oqsaroy me'moriy yodgorlik majmuasi kabi tarixiy ob'ektlarga tashrif buyurildi.
Press-turning ikkinchi kuni jurnalistlar “Tepaqo'ton” kaliyli tuzlar tog'-kon majmuasi ruda qazib chiqarish va ishlash tartibi bilan tanishdi va 320 mert chuqurlikda amalga oshirilayotgan ish jarayoni bilan tanishdilar. Bu press-turning eng esda qolarli daqiqalari bo'ldi. Undan so'ng “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ faoliyati, mahsulot ishlab chiqarish va qadoqlash jarayoni bilan tanishdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv rasining korxonada faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Yoshlar bilan o'tkaziladigan ochiq muloqot davomida “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan mamlakatimiz kimyo sanoatini yanada rivojlantirish va sohaga energiya tejamkor yangi innovatsion texnologiyalarni jalb qilish borasida suhbatlashiladi hamda ularning takliflari tinglanadi. Korxonada 600 nafarga yaqin yoshlar faoliyat yuritadi. “O'zkimyosanoat” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 9500 nafaridan ortig'ini esa 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil etadi.
Tadbirda “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ Boshqaruvi raisi O.Qurbonov, “O'zkimyosanoat” AJ Yoshlar yetakchisi M.Abdullaeva va korxona yoshlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlar “O'zkimyosanoat” AJ tasarrufidagi korxonalar miqyosida “Yosh kitobxon” ko'rik-tanlovini shuningdek, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ tizimidagi tog'-kon majmuasida ishlayotgan yoshlarni qo'llab-quvatlash maqsadida “O'z kasbining mohir yosh ustalari” kabi ko'rik-tanlovlarni tashkil etish bo'yicha takliflar bildirdi. Yoshlarning takliflari “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi J.Mirzamaxmudov tomonidan qo'llab-quvvatlandi va yoshlar o'z ustilarida ishlab, xorijiy tillarni o'rganishlari lozimligi ta'kidlandi.
Bugungi kunda “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 16 ta yirik va o'rta kimyoviy korxonalar faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Ular tomonidan jami 180 tadan ortiq nomdagi kimyoviy mahsulotlar, shu jumladan, 90 ga yaqin turdagi yangi, mahalliy va xorijiy iste'molchilar tomonidan talab etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Joriy yil ilk mahsulot ishlab chiqarilganligining 10 yilligini nishonlagan “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati tizimdagi kimyo korxonalarining eng istiqbollilaridan biri hisoblanadi.
O'tgan qisqa davrda ishchi va mutaxassislarning fidokorona mehnatlari tufayli Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida rivojlangan ijtimoiy infratuzilmani o'zida mujassam etgan, nafaqat yurtimiz, balki chet elda ham o'z o'rniga ega bo'lgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi qad rostladi. “Tepaqo'ton” kaliyli tuzlar koni negizida “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ishga tushirilgani nafaqat ushbu tuman, balki mamlakatimiz sanoatida muhim voqelik bo'ldi va yangi ish o'rinlari yaratildi.
“Dehqonobod kaliy zavodi” AJning tog'-kon majmuasi qurilishi 2008 yilda “Tepaqo'ton” kaliy tuzlari konini ochish va tayyorlash ishlaridan boshlangan va dastlab kon ishlarini olib borish uchun №1 va №2 qiya stvollar ochilib, ruda qazib chiqarish ishlari amalga oshirish uchun panellar tayyorlangan.
“Tepaqo'ton” konida panelli qazib olish tizimi yo'lga qo'yilgan bo'lib, 2010 yil aprel-may oylaridan silvinit rudasini qazib chiqarish amalga oshirib kelinmoqda. Korxonaning ishga tushishi bilan mamlakatimiz kimyo sanoatida yangi turdagi kaliy xlorid mineral o'g'iti to'liq mahalliylashtirildi.
Bugungi kunga kelib korxona faoliyat boshlaganidan buyon eksport qilingan mahsulotning umumiy miqdori 1510 ming tonnaga yetdi. O'zbekistonda ishlab chiqarilgan kaliy xlorid mineral o'g'iti Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog'iston, Tojikiston, Eron, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Vetnam, Singapur, Malayziya, Shri-Lanka, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Turkiya, Moldaviya, Ukraina va Afrika bozorlariga kirib bordi.
“Dehqonobod kaliy zavodi” AJning ishga tushirilishi bilan O'zbekiston jahonda kaliy o'g'iti ishlab chiqaruvchi o'n oltinchi, MDHda esa uchinchi mamlakatga aylandi. Ayni paytda 9 mamlakatda Ispaniya, Kanada, AQSh, Braziliya, Xitoy, Isroil, Rossiya, Belorusiya va endilikda O'zbekistonda ham barcha turdagi mineral o'g'itlar ya'ni azotli, fosforli, kaliyli o'g'itlar ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.
“O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirishga qaratilgan Press-turlar 2020 yil davomida rejaga muvofiq tashkil etiladi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati