“Qo'ng'irot soda zavodi” MChJda davlat tilida ish yuritilish holati o'rganildi

// 10.12.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (313.75 KB)

Mamlakatimiz kimyo sanoatida o'ziga xos o'ringa ega bo'lgan “Qo'ng'irot soda zavodi” O'rta Osiyoda kaltsiylashtirilgan soda ishlab chiqaruvchi yagona korxonadir. Mazkur zavodda mahalliy xom-ashyolardan ishlab chiqariladigan mahsulot nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini qoplaydi, balki tashqi bozorga ham eksport qilinadi.

Kaltsiylashtirilgan soda kimyo sanoati, neft kimyosi va rangli metallurgiya, qurilish sohalari, issiqlik elektr stantsiyalari, qozonxona va boshqa ishlab chiqarish qurilmalarini tozalash uchun asosiy kimyoviy mahsulotdir.

Yirik mehnat jamoasiga ega bo'lgan korxonada ma'naviy-ma'rifiy ishlar va davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo'yicha mavjud holat o'rganildi.

“O'zkimyosanoat” AJ ko'rsatmasiga asosan korxonaga tegishli hududlar va binolardagi yozuvlar, mahsulotlarni namoyish qiluvchi taqdimot va targ'ibot matnlari hamda chiquvchi hujjatlarning qat'iy tartibda davlat tilida bo'lishi, orfografiya talablariga javob berishi kabi yo'nalishlarda qator ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan bir qatorda, mazkur jabhada o'z yechimini kutayotgan muammolar ham aniqlandi.  

O'rganish yakunida mas'ul xodimlarga sohada bajarilishi zarur bo'lgan vazifalar, xodimlarning Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazlarida o'qitish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Davlat tilini rivojlantirish jamg'armasi hisobidan chop etilgan besh jildlik “O'zbek tilining izohli lug'ati” taqdim etildi.

 “O'zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida mazkur yo'nalishdagi o'rganishlar davom ettiriladi.

 

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati