“Chirchiq” texnoparki — Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining navbatdagi maydoni

// 24.09.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (51.91 MB)

Toshkent viloyati va Janubiy Koreyaning Kyonsang-Namdo provinsiyasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bugun 

“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida oʻtkazilgan biznes-forum bu yoʻnalishdagi amaliy qadamlardan biri boʻldi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, mahalliy tadbirkorlar, shuningdek, Kyonsang-Namdo gubernatori Pak Van Su boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi aʼzolari ishtirok etdi. Aytish joizki, Toshkent viloyatida bugungi kunda 10 ta erkin iqtisodiy va 70 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Ular muayyan sohalarga ixtisoslashgan boʻlib, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari taklif qilinmoqda.

Biznes-forumning aynan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida tashkil etilgani bejiz emas. Hozirgacha mazkur hududda umumiy qiymati 85 million dollarga teng 23 ta loyiha amalga oshirilib, 977 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.Janubiy Koreya sarmoyasi asosida bu yerda faoliyat yuritayotgan ikki kompaniya — “DHMT GLOBAL” va “IOTA Co” — texnoparkdagi hamkorlikning amaliy namunasidir. 

Ovoz jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “DHMT GLOBAL” MCHJ 2 million dollarlik investitsiya orqali 30 nafar mutaxassisni ish bilan taʼminlagan. “IOTA Co” MCHJ XK esa avtomobil konditsionerlari uchun quvur va shlanglar ishlab chiqarish loyihasiga 6,1 million dollar yoʻnaltirib, 150 ta ish oʻrni yaratdi.

Biznes-forum doirasida koreyalik mehmonlar texnoparkda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati
 


So'nggi yangilash sanasi: 25.09.2025