
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan oʻtkaziladigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyatining hududlarda biznes vakillari bilan bevosita uchrashuvlari davom etmoqda. Navbatdagi uchrashuvlar Buxoro viloyatida tashkil etilib, kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan qator korxonalarga tashrif buyurildi.

Xususan, “Navoiy Smart Plast” MCHJ, “Bereket Kimyo Agro” MCHJ QK hamda “Nazir Shoxjaxon” MCHJda oʻtkazilgan muloqotlar davomida ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, tarmoqni yanada rivojlantirishga doir takliflar hamda tadbirkorlarni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda tadbirkorlar tomonidan xom ashyo taʼminoti, tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, eksport salohiyatini oshirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga oid qator taklif va murojaatlar bildirildi.Muloqotlar davomida kelib tushgan har bir murojaat yuzasidan masʼullar ishtirokida atroflicha muhokama oʻtkazilib, ularning yechimini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar va amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayrim masalalarni joyida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, hududda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulotlar turini diversifikatsiya qilish hamda tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bunday ochiq muloqotlar davlat organlari va biznes hamjamiyati oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tarmoqdagi mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.