Brifing: “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarda Davlat xaridlari doirasida tuzilgan 3438 ta shartnomaning barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashish talablari kiritildi

// 29.12.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (37.27 KB)

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 2025-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot.

2025-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati sohasida amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlar amaldagi qonunchilik talablari, shuningdek jamiyatning ichki normativ-huquqiy hujjatlari talablariga muvofiq ravishda tashkil etildi.

Hisobot davrida komplayens nazoratini taʼminlash, korrupsiya holatlarining oldini olish hamda ularga barham berishga qaratilgan ishlar “Oʻzkimyosanoat” AJ ijro apparatida, shuningdek “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ va “Oʻzkimyoimpeks” MCHJda tizimli va izchil tarzda amalga oshirildi.

2025-yil mobaynida “Oʻzkimyosanoat” AJ va unga qarashli korxonalarga ishga qabul qilingan jami 269 nafar yangi xodim belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilib, mazkur jarayon manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratildi.

Kadrlar salohiyatini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bilim va koʻnikmalarni mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 207 nafar rahbar, xodim hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat va komplayens tuzilmalari mutaxassislarining malakasi oshirildi. Jumladan:

40 nafar rahbar va xodim ISO 31000:2018 — “Xavflarni boshqarish” xalqaro standarti boʻyicha oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunladi;

167 nafar xodim “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” portali hamda CERT Akademiyasi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining samarali ishlashini taʼminlash” mavzusidagi oʻquv mashgʻulotlari, shuningdek ISO 37001:2016 va ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi” xalqaro standartlari boʻyicha chuqurlashtirilgan kurslarda oʻz malakasini oshirdi.

Korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 160 dan ortiq seminar va davra suhbatlari tashkil etilib, ular doirasida 5 133 nafar xodim korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat faoliyatida halollik tamoyillariga rioya etish hamda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish masalalari boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarga ega boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga muvofiq, 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan “E-Antikor.uz” elektron platformasiga kiritish uchun 5 ta yoʻnalish va 29 ta maxsus indikator boʻyicha tegishli maʼlumotlar shakllantirildi.

2025-yil aprel oyida “Oʻzkimyosanoat” AJ xalqaro “CERT International” akademiyasi tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi auditdan muvaffaqiyatli oʻtib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida joriy etilgan boshqaruv tizimining xalqaro talablarga mosligi tasdiqlandi hamda jamiyat ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga qaytadan munosib deb topildi.

Davlat xaridlari sohasida ham shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Hisobot davrida davlat xaridlari doirasida jami 3 438 ta xoʻjalik shartnomasi tuzilib, ularning barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid majburiy shartlar kiritildi.

Shuningdek, hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining ishonch aloqa kanallari orqali jismoniy va yuridik shaxslardan jami 380 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 12 tasi korrupsiyaga oid boʻlib, barchasi boʻyicha belgilangan tartibda xizmat tekshiruvlari oʻtkazildi. Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanildi.

Bundan tashqari, tizimda oʻtkazilgan 207 ta rejali tekshiruv natijasida 27 ta holat yuzasidan toʻplangan materiallar huquqiy baho berish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ayni paytda mazkur 27 ta holat boʻyicha tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Umuman olganda, 2025-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida amalga oshirilgan tizimli va izchil chora-tadbirlar sohada ochiqlik, shaffoflik, masʼuliyat va halollik tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!


So'nggi yangilash sanasi: 29.12.2025