Rasmiy bayonot

// 10.10.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.53 KB)

“Oʼzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Navoiyazot” АJ faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqdagi kanallarda daryo suvi zaharlanib, koʼplab baliqlar nobud boʼlganligi toʼgʼrisidagi xabar tarqaldi. Ushbu masala yuzasidan “Navoiyazot” АJ jamiyatining birlamchi rasmiy bayonoti eʼlon qilindi. “Oʼzkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilgan oʼrganish natijalari yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

“Navoiyazot” АJga qarashli 267-quduqdan tashlanayotgan oqova suvlaridan joriy yil 4-oktyabr kuni korxona sanitar laboratoriyasi tomonidan qoʼshimcha namunalar olinib tahlil qilindi. Tahlil natijalari shuni koʼrsatdiki, xloridlar miqdori ruxsat etilgan normadan, yaʼni 300 mg/m3 miqdoridan oshmagan va misning miqdori ham ruxsat etilgan normaga (0,001 mg/m3) yaqin boʼlganligi tasdiqlandi.

Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan har chorakda “Navoiyazot” АJ oqova suvlari monitoringi olib boriladi. 2017 yilda olingan namunalarning tahlil natijalarida azot guruhi moddalarining kontsentratsiyasi maqoladagi koʼrsatkichlardan koʼra yuqoriroq boʼlgan. Аmmo bunday kontsentratsiyalar Zarafshon daryosidagi baliqlarning nobud boʼlishiga olib kelmagan, yaʼni oʼsha yili baliqlarning nobud boʼlishi qayd qilinmagan.

Shu oʼrinda baliq yetishtirish xoʼjaliklarida ozuqa uchun ammoniy moddalaridan foydalangan holda baliq yetishtirishning intensiv texnologiyalari mavjud ekanligini taʼkidlab oʼtish joiz. Bunga misol qilib baliq yetishtirishda ammofos oʼgʼiti beriladi. Uning tarkibida esa fosfor va ammoniy birikmalari mavjud.

“Navoiyazot” АJ tabiatni himoya qilish va atrof-muhit musaffoligini saqlashni oʼzining asosiy vazifalaridan biri hamda korxonani uzoq muddatli rivojlanishining asosiy shartlaridan deb hisoblaydi. Аsosiysi tabiatni asrab-avaylashni oʼzining birinchi oʼrindagi asosiy vazifalaridan biri ekanligini anglaydi. Shu sabab jamiyatda hosil boʼladigan sanoat oqova suvlarini daryoga chiqarishdan avval doimiy ravishda birlamchi tozalashdan oʼtkazadi. Shuningdek, korxonaning balansida yirik ahamiyatga ega tabiatni muhofazalash obʼekti – Navoiy shahri va sanoat korxonalari oqova suvlarini biokimyoviy tozalash inshooti mavjud. Biokimyoviy tozalash inshootiga keladigan oqova suvlarining 81 foizini Navoiy shahri va boshqa sanoat korxonalari oqova suvlari tashkil qiladi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ommaviy axborot vositalaridan vaziyatni atroflicha oʼrgangan holda professional jurnalistik surishtiruv oʼtkazib xolis baho berishlarini soʼrab qolamiz. “Oʼzkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyati va tizimdagi korxona tashkilotlarda tashkil etilgan matbuot xizmatlari jurnalistlar bilan doimo hamkorlik qilishga tayyor ekanligini va ularni qiziqtirgan barcha savollarga qonun doirasida javob berishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi. Qoʼshimcha maʼlumot uchun tashkilot Matbuot xizmatining 78 140-74-26 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

“Oʼzkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati