“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy bayonoti

// 28.07.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.94 KB)

Ommaviy axborot vositalarining birida “Nega mahalliy yog'och-qirindili plitalar ishlab chiqaruvchisi innovatsion korxona faoliyatini to'xtatdi?” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Maqolada Surxondaryo viloyatida yog'och qirindisidan tayyorlanadigan qurilish materiali (DSP) ishlab chiqaruvchi Surxon KSP-Gra kompaniyasi tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan hamda yog'och-qirindili plitalar (DSP) tayyorlashda qo'llanuvchi kimyo mahsulotlarining narxi oshganligi sababli o'z faoliyatini to'xtatgani bayon qilingan. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi.

Maqolada “Maxam-Chirchiq” AJda ishlab chiqiluvchi “A” markali karbamid va “Navoiyazot” AJ korxonasining mahsuloti formalindan DSP uchun maxsus yelim olinishi, bu umumiy narxning 52 foizini tashkil etishi, keyingi 2 yilda mahalliy kimyoviy mahsulotlarning narxi oshishi hisobiga bu yelimning narxi 4 barobarga qimmatlashgani ko'rsatib o'tilgan.

Biroq maqolada keltirilgan bu vajlar umuman haqiqatga to'g'ri kelmaydi. “Maxam-Chirchiq” AJ 2018 yilda “A” markali karbamidning narxi QQS bilan hisoblaganda 1 tonna uchun 738 804 so'mni tashkil etgan. Hozirgi kundagi narxi esa 2019 yil 16 avgustda belgilangan bo'lib, 1 tonna uchun 1 705 506 (QQS bilan) so'mni tashkil qiladi, o'sish 4 marotaba emas, 2,31 martani tashkil qiladi.

Keyingi 2 yilda karbamid uchun asosiy xom-ashyo bo'lgan tabiiy gaz, elektrenergiya, suv zaxiralaridan foydalanish va asosiy fondlarning narxlari ko'tarildi. O'z-o'zidan, shunga mutanosib ravishda tannarx oshganligi sababli karbamid mahsuloti yangi narxda sotilishi belgilangan.

Ustiga ustak, “A” markali karbamidning narxi o'sishi Monopoliyaga qarshi kurashishi qo'mitasi tomonidan nazorat qilinadi, chunki 2019 yil mart oyidan buyon korxona ushbu mahsulotni ishlab chiqarish bo'yicha, tovarlar va moliya bozorlarida ustunlik mavqeini egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar Davlat reestriga kiritilgan.

“Navoiyazot” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan formalin mahsulotining so'nggi ikki yildagi narxini tahlil qiladigan bo'lsak, maqolada keltirilgan ma'lumot noto'g'ri ekanligi ayon bo'ladi. 2018 yilda formalin narxi QQS bilan hisoblaganda 1 tonna uchun 4 381 668 so'mni tashkil etgan. Hozirgi kundagi narxi esa 2019 yil 16 avgustda belgilangan bo'lib, 1 tonna formalin uchun 3 009 138 (QQS bilan) so'mni tashkil qiladi. Ya'ni mahsulot narxi ko'tarilmagan, aksincha narx tushirilganligini ko'rish mumkin.

Qolaversa, “Navoiyazot” AJ ham Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi tomonidan 2019 yil mart oyidan formalin mahsuloti ishlab chiqarish bo'yicha, tovarlar va moliya bozorlarida ustunlik mavqeini egallab turgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar Davlat reestriga kiritilgan.

Shuningdek, formalin mahsulotining narxi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-sonli qarori talablaridan kelib chiqib belgilangan.

Shu o'rinda maqolada keltirilganidek, “elim narxi mahalliy komponentlar narxining oshishi sababli oxirgi ikki yil ichida 4 (to'rt) baravarga oshishi” to'g'risidagi ma'lumot nimaga asoslangan degan tabiiy savol tug'iladi?

Yuqoridagilarni inobatga olib aytish mumkinki, “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar Surxon KSP-Gra kompaniyasi bilan bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida shaffof hamkorlikni yo'lga qo'ygan bo'lib, hozirda kompaniya faoliyati to'xtatilganligi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan kimyo mahsulotlari bilan bog'lash haqiqatga to'g'ri kelmasligini ta'kidlab o'tish lozim. Zero, “Maxam-Chirchiq” AJ va “Navoiyazot” AJ Surxon KSP-Gra kompaniyasi bilan o'zaro tuzilgan shartnomalarni o'z vaqtida bajarib kelmoqda.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati