“Azot Sintezgaz. Oʻzbekiston va MDH” 3-xalqaro kongressi va koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi

// 20.11.2024 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (43.93 MB)

Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda “Azot Sintezgaz. Oʻzbekiston va MDH” 3-xalqaro kongressi va koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi. 

200 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashayotgan va 10 dan ortiq investitsiya loyihalari taqdim etilayotgan mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston va MDH mamlakatlaridagi yirik sintez-gazini qayta ishlash korxonalari, hokimiyat organlari, ishlab chiqarish texnologiyalari litsenziarlari, uskuna ishlab chiqaruvi va yetkazib beruvchilar, injiniring va loyiha-qurilish kompaniyalarini bir maydonda jamladi. 

Anjumanda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Yevgeniy Korjikov ishtirokchilarga tabrik soʻzi yoʻllab, zamonaviy sharoitda texnologiyalarni mahalliylashtirishning ahamiyati va mahalliy bozorni rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtaldi. 

Chirchiq kimyo-industrial texnoparkining Rezidentlar bilan ishlash departamenti boshligʻi Timur Boltaboyev texnoparklar haqida batafsil taqdimot qilib, xorijiy ishlab chiqararuvchilarni jalb etish masalalari boʻyicha fikr bildirdi. 

Kongress davomida ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va modernizatsiya qilish boʻyicha yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, azot, metanol, ammiak va mineral oʻgʻitlar (azot, kaliy, fosfor, kompleks) ishlab chiqaruvchi mavjud korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Xususan, ishtirokchilar tadbirning birinchi kunida Oʻzbekiston va MDHda sintez-gazini qayta ishlash sanoatining zamonaviy yechimlari yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.

Shuningdek, sohadagi yetakchilarning texnologik yutuqlari, yangi texnologiyalar, uskunalar, yechimlar va xizmatlar bozoridagi vaziyat tahlil qilindi. Tarmoqning texnologik rivojlanishi, innovatsiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishning ilgʻor tajribasi amaliy misollar bilan koʻrib chiqildi.

Shu bilan birga ishtirokchilar metanol va ammiak - texnologik muammolar va ulardan ishlab chiqarishda foydalanishning afzalliklari, Oʻzbekiston va MDH mamlakatlarida sanoat korxonalarini qurish boʻyicha rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashishdi.

Kongress 21-noyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi.

 “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati


So'nggi yangilash sanasi: 22.11.2024