“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va Saudiya Arabistonining Arkan Hermes Group xalqaro kompaniyasi o'rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

// 04.02.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (200.15 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida Saudiya Arabistonining Arkan Hermes Group xalqaro kompaniyasi Boshqaruv raisi o'rinbosari Muhammed Fayyaz Xan (Mohammed Fayyaz Khan) hamda “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi J.Mirzamaxmudov ishtirokida olib borilgan muzokaralar davomida o'zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Anglashuv memorandumiga muvofiq, O'zbekistonning kimyo sanoatiga, xususan “Navoiyazot” AJ negizida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Polivinilxlorid va kaustik soda ishlab chiqarish” (II-bosqich) hamda kimyo sohasidagi boshqa istiqbolli investitsion loyihalar doirasida Saudiya Arabistoni kompaniyasi tomonidan investitsiya kiritilishini o'rganib chiqish bo'yicha kelishib olindi.

Arkan Hermes Group kompaniyasining bosh ofisi Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida joylashgan bo'lib, Yevropa mamlakatlarida va ko'plab rivojlangan mamlakatlarda ofislari mavjud bo'lib, u innovatsion yechimlarga ega, sanoatning ko'plab sohalarida faoliyat yurituvchi nomdor kompaniyalardan hisoblanadi. Ushbu kompaniya moliyaviy xizmatlar ko'rsatish, ishlab chiqarish va ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, bosh pudratchi xizmatlari hamda  ko'chmas mulk bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar guruhidan iborat.

Arkan Hermes Group hamda “O'zkimyosanoat” AJ o'rtasida imzolangan Anglashuv memorandumiga ko'ra, ushbu kompaniya yuqorida nomlari keltirib o'tilgan investitsiya loyihalariga to'g'ridan-to'g'ri investitsiya kiritish istagini bildirgan. Arkan Hermes Group o'zining Yevropa mamlakatlaridagi ishlab chiqarish sohalarida orttirgan tajribalari, yuqori texnologik va innovatsion yechimlarini mamlakatimizda amalga oshiriladigan loyihalarga tadbiq etadi.

Yuqorida keltirib o'tilgan investitsion loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini hamkorlikda o'rganib chiqish bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan dolzarb vazifalarni joriy yilning iyul oyiga qadar yakunlash tomonlar o'rtasida imzolangan o'zaro Anglashuv memorandumida ko'rsatib o'tildi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati