“O‘zkimyosanoat” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida joriy yilning I-choragi davomida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi

// 06.05.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.21 MB)

Joriy yilning 6 may kuni “O‘zkimyosanoat” AJ Komplayens xizmati boshlig‘i Sh. Sag‘dullayevning 2022 yil I-chorak davomida ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi. Unda quyidagi maʼlumotlar taqdim etildi:

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida “Navoiyazot”, “Farg‘onaazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi” “Maksam-Chirchiq”, “O‘zkimyosanoatloyiha” AJlari, “Qo‘ng‘irot soda zavodi“, “Birinchi rezinotexnika zavodi” va “O‘zkimyoimpeks” MCHJlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga doir 10 dan ortiq ichki meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, ichki buyruqlar bilan tasdiqlangan hamda xodimlarni tanishtirish ishlari yakuniga yetkazilib, hozirda amaliyotga tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hisobot davrida “O‘zkimyosanoat” AJda korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy meʼyorlarga va qonun hujjatlariga qatʼiy amal qilishga doir bevosita jamiyat boshqaruvi raisi tomonidan bitta tadbir o‘tkazilgan va unda tizim korxonalarida mazkur sohadagi kamchiliklar qayd etilib, tegishli topshiriqlar berilgan.

“O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq to‘ldirilgan deklaratsiyalar tahlil qilinganda, 18 ta masʼul xodimlarda manfaatlar to‘qnashuvi holati mavjudligi aniqlangan. Jumladan, “Maxam-Chirchiq” AJda 7 ta, “Navoiyazot” AJda 5 ta, “Farg‘onazot” AJda 4 ta,“Dehqonobod Kaliy Zavodi” AJda 1 taholatda o‘zaro yaqin qarindoshlar bevosita qo‘l ostida yoki rahbarligida ishlashi natijasida vujudga kelgan manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlangan bo‘lib, mazkur holatlar yuzasidan jamiyatlar boshqaruv raislarining ko‘rsatmasiga asosan manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, mehnat munosabatlarida qonun buzilish holatlarini o‘rganish maqsadida joriy yilda jami 18 ta xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlanib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. Jumladan, 6 nafar masʼul xodimlarga hayfsan, 4 nafar xodimning ish haqidan jarima, 8 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 7 holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rish uchun huquq tartibot organlariga yuborilgan.

“O‘zkimyosanoat” AJ va tizim korxonalari tomonidan jami 2885 ta shartnomalar tuzilgan. Mazkur tuzilayotgan shartnomalarni tashabbuskor tomonidan kontragentlarni o‘rganish orqali uning ishonchliligi, moliyaviy barqarorligi, davlat amaldorlari bilan aloqadorligi, manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini tekshirish orqali bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirish ishlari 819 ta shartnomalarda amalga oshirilgan.

Hiosbot davrida tizim korxonalarida jami 1,6 mlrd. so‘mlik tovar moddiy boyliklari kamomadi aniqlangan bo‘lib, holatlar bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilgan tushuntirish ishlari va tadbirlar natijasida quyidagi korrupsion xavf-xatarlar oldi olindi va tegishli taʼsir choralari ko‘rilishi taʼminlandi. Jumladan, “Dehqonobod Kaliy zavodi” AJda 0,5 Ga yerni vaqtincha foydalanishga berishda manfaatlar to‘qnashuvi oldini olish bilan birga “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid bo‘lgan bitim tuzishning oldi olindi.

Tizim korxonalarida jami 584,3 mln. so‘mlik  tovar moddiy boyliklari talon taroj qilinishi oldi olindi va aybdor shaxslarga ichki tartib qoidalar asosida intizomiy choralar ko‘rildi.

Hisobot davrida “Maksam Chirchiq” AJ va “O‘zkimyoimpeks” MCHJda xaridlarni ochiq va shaffofligini taʼminlashi natijasida jami 974,0 mln. so‘m mablag‘larni iqtisod qilinishiga erishilgan.

Joriy yilda jamiyat va tizim korxonalari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida komplayens xizmati xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida jami 70 ta tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirilgan.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi hamda shaffofligini taʼminlash maqsadida 2022 yil I-choragi davomida ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytlari orqali sohaga oid jami 62 ta materiallar joylashtirilgan.

Bundan tashqari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida joriy yilning 14 fevral kuni o‘tkazilgan brifingda “O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati tomonidan jamiyat va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumotlar taqdim etilgan bo‘lib, bu tadbirlar 10 dan ortiq internet nashrlari,  “Uzreport” hamda “O‘zbekiston-24” telekanallarida yoritilgan.

Jamiyat va tarmoq korxonalarida ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablarini joriy etish maqsadida “CERT Academy Group” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislarini jalb etgan holda 24 ta xodim ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etilgan.

O‘zkimyosanoat”AJ va uning tarmoq korxonalarida aniqlangan korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun “Antikorrupsion nazorat” nomli @uzkimyosanoatanticorbot “Telegram-bot” kanali ishga tushirilgan.

Tadbir davomida jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish borasidagi ishlarni muntazam va tizimli davom ettirish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qo‘yish, shuningdek, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida Komplayens xizmati tomonidan mazkur sohada ustuvor yo‘nalishlar, aniq maqsadlar va vazifalar belgilab olindi.

“O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati