“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi v.b Timur Muxamedjanov korrupsiyaga qarshi kurashish va bu illatning oldini olish yuzasidan markaziy apparat xodimlari hamda tizim korxonalari rahbar va ishchilariga murojaat yoʻlladi

// 01.06.2023 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (3.23 MB)

“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi v.b Timur Muxamedjanovning korrupsiyaga qarshi kurashish va bu illatning oldini olish yuzasidan markaziy apparat xodimlari hamda tizim korxonalari rahbar va ishchilariga murojaati yoʻllandi. Murojaat videokonferensaloqa tarzida translyatsiya qilindi va tizimda faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va xodimlar onlayn ravishda kuzatib borishdi.

Murojaat matni quyida taqdim etiladi:

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilganligi sababli joriy yilda “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2022-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz oʻz oʻrnini 14 pogʻona yaxshilab, 126-oʻrinni egalladi, soʻnggi besh yilda esa 32 pogʻona yuqoriladi.

Mazkur indeksdagi koʻrsatkichlarimizning yaxshilanishiga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi preventiv mexanizmlarni qoʻllash ustuvorlik kasb etayotganligi, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan aniq choralarni belgilab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni va 2 ta qarori imzolanganligi, shuningdek, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash maqsadida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari takomillashtirilganligi asosiy omillar hisoblanmoqda.

Davlat rahbarining tegishli qaror va farmonlari bilan belgilangan topshiriqlarning ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash hamda Jamiyat tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Jamiyat tuzilmasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi tashkil etilib, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki meʼyoriy hujjatlar va tartib-qoidalar ishlab chiqildi.

Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisidagi nizom”, “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti”, “Odob-axloq qoidalari” va boshqa shu kabi 10 ga yaqin ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.

Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha taʼsirchan choralar amalga oshirilib kelinishiga qaramasdan, afsuski, “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan turli korrupsion jinoyatlar, korxona mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari, manfaatlar toʻqnashuvi hamda mansab vakolatidan chetga chiqish kabi noqonuniy xarakatlar sodir etilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, 2022-yil davomida korxona hamda davlat mulkini oʻzlashtirish va korrupsion jinoyatlar boʻyicha jami 28 nafar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan, 25 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 100 dan ortiq masʼul xodimlarga turli intizomiy jazolar qoʻllanilgan. Shuningdek, 57 ta  holatda manfaatlar toʻqnashuvi holatlari mavjudligi aniqlangan.

Bundan tashqari, davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida tizim korxonalari masʼul xodimlari va xarid ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro til biriktirish hamda raqobat muhitini cheklashga boʻlgan urinishlar aniqlanib, 30 mlrd. soʻmga yaqin noqonuniy shartnomalar tuzilishining oldi olingan.

Yuqoridagi kabi noqonuniy xarakatlar natijasida tizimga jami 28,3 mlrd. soʻm zarar yetkazilganligi tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kelgusida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tizim korxonalarida noqonuniy harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsion jinoyatlar va manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini kelib chiqishiga sabab boʻlgan omillarni bartaraf etish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishimiz hamda bunda barcha rahbar xodimlar shaxsiy oʻrnak boʻlishimiz zarur, deb hisoblayman. Xususan:

1. Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qabul qilingan ichki meʼyoriy hujjatlar talablariga qatʼiy amal qilish.

2. Korrupsion xavf-xatar yuqori boʻlgan lavozim va funksiyalarda faoliyat yuritayotgan rahbar va boshqaruv xodimlarni rejali tartibda rotatsiya qilish choralarini koʻrish.

3. Vakolatli ijara omborlarida saqlanayotgan tayyor mahsulotlarni tizimli ravishda inventarizatsiyadan oʻtkazish, aniqlangan salbiy holatlarni bartaraf etish choralarini koʻrish.

4. Amalga oshirilayotgan xarid jarayonlarida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun va qonunosti hujjatlariga qatʼiy amal qilish. Xarid ishtirokchilari orasida nohalol kontragentlar reyestrini shakllantirish.

5. Jamiyat tizim korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni markirovkalash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni joriy yil yakuniga qadar sifatli yakuniga yetkazish choralarini koʻrish.

6. Korxonalarda mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish jarayonlarini raqamlashtirishga oid ishlarni jadallashtirish.

7. Jamiyat va tizim korxonalari xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha huquqiy ongini oshirish yuzasidan seminar, trening va davra suhbatlari oʻtkazib borish.

8. Komplayens nazorat tizimi xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi priventiv choralarni koʻrishga oid ishlarni jadallashtirish, aniqlangan salbiy holatlarning kelib chiqish sabab va omillarini bartaraf etish choralarini koʻrish.

Korxonalarimizda korrupsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish murakkab jarayon, biroq bu muhim va zarur. Har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya qilishimiz, balki bu ishga insoniylik burchimiz sifatida qarashimiz lozim.

Korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga “yoʻq” deb ayta olishimiz, qolaversa oʻzimizda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishimiz zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz va vazifamizga aylanmogʻi darkor.

Murojaat yakunida tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish, bu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati


So'nggi yangilash sanasi: 01.06.2023