“Ammofos-Maxam” AJda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi

// 18.09.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (38.61 MB)

Bugungi kunda yoshlarga qaratilgan eʼtibor, ularning fikrini eshitish, salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun sharoit yaratish mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim omillardan biriga aylangan. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimdagi yosh mutaxassislar bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etib kelinmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ raisi Odil Temirovning navbatdagi uchrashuvi “Ammofos-Maksam” AJ yoshlari bilan boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi aʼzolari, “Ammofos-Maksam” AJ rahbariyati, korxonada faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlar tomonidan bildirilayotgan tashabbus, taklif va gʻoyalarni amaliy qoʻllab-quvvatlash, ularning ish joyida duch kelayotgan muammolarini oʻrganish, jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilash hamda rahbariyat va yoshlar oʻrtasida doimiy, samarali muloqotni yoʻlga qoʻyishdan iboratdir.

Uchrashuvda yoshlar oʻz taklif va savollari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri rahbariyatga murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Ayniqsa, ish muhitidagi sharoitlar, malaka oshirish imkoniyatlari, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish tizimi boʻyicha qator taklif va tashabbuslar bildirildi.

Xususan, korxona yoshlarini oliy taʼlim bilan qamrab olish, yosh mutaxassislarni malakalarini oshirishlari uchun yurtimizdagi boshqa tarmoq korxonalari faoliyatini oʻrganish, ishlab chiqarishga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Rahbariyat bu takliflarni alohida qayd etib, ayrim loyihalarni amaliyotga tatbiq etilishini maʼlum qildi. Shuningdek, rahbariyat va yoshlar oʻrtasidagi samarali muloqotni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir soʻngida yoshlar faolligi, ularning ishlab chiqarish jarayonidagi ishtiroki va tashabbuskorligi yuqori baholandi. Ayrim faol yoshlar tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning oʻz sohasiga boʻlgan mehrini yanada oshirish, ularda masʼuliyat va tashabbuskorlikni yuksaltirishda muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” anʼanaga aylanib bormoqda. Bu esa nafaqat mustahkam ichki korporativ madaniyatni shakllantirish, balki tizimdagi kadrlar siyosatida yoshlarning oʻrni va rolini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Yoshlar bilan olib borilayotgan bunday ochiq muloqotlar, ularga nisbatan bildirilayotgan ishonch va eʼtibor – soha taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati

 


So'nggi yangilash sanasi: 18.09.2025