“Ammofos-Maxam”AJda press-tur: Ilm, texnologiya va ishlab chiqarish uygʻunligi

// 08.04.2026 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (64.82 MB)

“Oʻzkimyosanoat AJ tomonidan Olmaliq shahridagi “Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyatiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida jurnalistlar korxonaning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, keng koʻlamli modernizatsiya ishlari va ilmiy-texnik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir ishtirokchilariga dastlab ekstraksion fosfat kislotasi ishlab chiqarish jarayoni haqida batafsil maʼlumot berildi. U mineral oʻgʻitlar, xususan, ammofos va superfosfat ishlab chiqarishning asosiy xomashyosi hisoblanadi. Ishlab chiqarish jarayoni asosan digidrat yoki polugidrat usulida amalga oshiriladi. Mazkur loyiha 1973-yilda ishga tushirilgan boʻlib, bugungi kunda yiliga P₂O₅ hisobida 136 400 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Jarayon uzluksiz rejimda olib boriladi.

Ishlab chiqarish texnologiyasi fosfat xomashyosini sulfat kislota yordamida parchalash, kalsiy sulfatni fosfogips sifatida ajratish, hosil boʻlgan pulpani filtrlash va fosfat kislotasini yuvish kabi bosqichlarni oʻz ichiga oladi.

Shundan soʻng ishtirokchilar EFK-2 sexida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari bilan tanishdilar. Davlat rahbarining 2019-yil 3-apreldagi qarori doirasida maʼnan eskirgan uskunalar oʻrniga zamonaviy texnologiyalar joriy etildi. Jumladan, K-100 aylanma vakuum-filtri oʻrniga yuqori samaradorlikka ega DU-85/4200 tasmali vakuum-filtr oʻrnatilib, ishlab chiqarish samaradorligi sezilarli darajada oshirildi.

Korxonada import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha ham muhim yutuqlarga erishildi. Xususan, 2022-yildan boshlab drenaj roliklarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, uskunalarning chidamliligi va xizmat muddati uzaytirildi. Press-tur davomida jurnalistlar Ammofos (2-navbat) sexidagi ishlab chiqarish jarayonlarini ham kuzatdilar. Bu yerda fosfat kislotasini ammonizatsiya qilish, mahsulotni bugʻlatish, donadorlashtirish va quritish orqali yuqori sifatli mineral oʻgʻitlar tayyorlanadi.

Shuningdek, ishtirokchilar korxona tarkibidagi Ilmiy-tadqiqot kimyo-texnologik laboratoriyasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Xalqaro standartlar asosida ishlovchi mazkur laboratoriya mahsulot sifatini nazorat qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim oʻrin tutadi.

Umuman olganda, ushbu press-tur korxonada amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion yondashuvlar va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.


So'nggi yangilash sanasi: 08.04.2026