O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbuslari bilan 2016 yil sentabr oyida “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida qurilishi boshlangan “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” majmuasida barcha ishlar yakunlanib, 2020 yil 23 dekabr kuni ilk karbamid mahsuloti olindi.
Loyiha qiymati 985,7 mln. dollarga teng bo'lib, moliyalashtirish 577 mln. doll. miqdoridagi Yaponiyaning banklari va moliyaviy institutlari kreditlari, 320,0 mln. doll. O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi krediti va 88,7 mln. doll. korxonaning o'z mablag'lari hisobidan amalga oshirildi.
Majmua Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsortsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Ishlab chiqarish texnologiyalari dunyoning eng yetakchi kompaniyalari, hususan, ammiak ishlab chiqarish bo'yicha Daniyaning “Haldor Topsoe”, karbamid ishlab chiqarish bo'yicha Italiyaning “Saipem” kompaniyasi hamda karbamid granulyatsiyasi bo'yicha esa Germaniyaning “Uhde” kompaniyalari yetkazib berdi. Asosiy texnologik uskunalar Yaponiya va Yevropadan keltirildi.
Loyihani ishga tushirish va sozlash ishlari joriy yilning oktabr oyida boshlangan bo'lishiga qaramay, 53 kunda tayyor mahsulot olishga erishildi. Bu “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari tarixidagi rekond ko'rsatkich bo'lganligini ta'kidlab o'tish joiz.
Ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksning texnologik bosqichlarida qo'llanilgan noyob innovatsion va zamonaviy texnologiyalar ekologik va energetik samaradorligiga ko'ra dunyodagi eng so'nggi texnologiyalari hisoblanadi.
Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yo'naltiriladi. Loyiha to'liq qo'vvatga chiqqanda 1 trillion 428 mlrd. so'mlik tovar mahsulot ishlab chiqariladi va kimyo tarmog'ini 9,5 foizga o'sishga olib keladi. Yiliga byudjetga 600 mlrd. so'm miqdoridagi tushumlarini taminlaydi hamda 58,0 mln. dollarlik qo'shimcha mahsulot eksport qilinadi.
Loyihani amalga oshirish natijasida 1964 yilda qurilgan, ma'naviy jihatdan eskirgan, energiyasi sarfi yuqori bo'lgan “Navoiyazot” AJ 1- va 2- ammiak ishlab chiqarish sexlari foydalanishdan chiqariladi.
Mamlakatimiz qishloq xo'jaligining karbamidga bo'lgan ehtiyoji to'liq qoplanadi. Xususan, g'alla va paxta xosilini agrotexnik muddatlarida gektarga qo'shimcha 100-150 kilogrammgacha o'z vaqtida karbamid mineral o'g'iti bilan oziqlantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari, Afg'oniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati