2024-yilda neft-kimyo mahsulotlarining jahon bozori hajmi $541 milliardni tashkil qildi.
2034-yilga kelib, ushbu koʻrsatkich oʻrtacha yillik 6,7% oʻsish surʼati bilan $1036 milliardga yetishi mumkin. Bunday maʼlumotlarni Expert Market Research (EMR) agentligi oʻzining soʻnggi hisobotida keltirgan.
Hududiy yetakchi sifatida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi ajralib turadi. Mintaqa katta ishlab chiqarish bazasi va Xitoy hamda Hindiston kabi tez rivojlanayotgan iqtisodlarga ega boʻlgani tufayli eng katta ulushga ega.
Keyingi oʻrinlarda Shimoliy Amerika va Yevropa turadi, unda yuqori sifatli neft-kimyo mahsulotlari hamda barqaror ishlab chiqarish texnologiyalariga investitsiyalar yoʻnaltirilmoqda. Hisobotga koʻra, qadoqlashda, elektronika, maishiy buyumlar va avtokomponentlarda plastikning keng qoʻllanilishi butun dunyo boʻylab talabning asosiy drayveri boʻlib qolmoqda.
Yengil plastiklardan foydalanishning ortishi, ayniqsa polipropilen va polietilen mahsulotlariga boʻlgan talabni sezilarli darajada oshirmoqda.
Avtomobilsozlik, toʻqimachilik sanoati, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi kabi asosiy tarmoqlar ham zarur materiallarni — sintetik tolalar, smolalar, qatlamlar va oʻgʻitlarni ishlab chiqarishda bu mahsulotlarga tobora koʻproq tayanayotgani qayd etilgan.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati