Energiya tejamkorligi — kimyo sanoati iqtisodiy samaradorligining muhim omili

// 21.05.2026 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.48 MB)

Bugungi kunda kimyo sanoatida energiya resurslaridan samarali foydalanish nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, balki mahsulot tannarxini pasaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng qoʻllash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022–2026-yillarda yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalari tomonidan 2022–2025-yillar davomida jami 191,4 million kub m tabiiy gaz va 98,0 million kVt soat elektr energiyasi tejalishiga erishildi.

Jumladan, 2022-yilda 32,3 million kub m tabiiy gaz va 27,8 million kVt soat elektr energiyasi, 2023-yilda 21,2 million kub m tabiiy gaz va 18,9 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. 2024-yilda koʻrsatkichlar yanada oʻsib, 59,7 million kub m tabiiy gaz va 20,5 million kVt soat elektr energiyasi tejaldi. 2025-yilda esa 78,2 million kub m tabiiy gaz va 30,8 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi taʼminlandi.

Joriy yilning birinchi choragida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Tarmoq boʻyicha 10,1 million kub m tabiiy gaz va 4,3 million kVt soat elektr energiyasi tejaldi.

Xususan, “Navoiyazot” AJda bugʻ qozon sexida tabiiy gaz oʻrniga atsetilen ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan sintez-gazdan foydalanish hisobiga 6,8 million kub m tabiiy gaz iqtisod qilindi.

“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ XKda eskirgan distillyatsiya usulidagi suvni tuzsizlantirish uskunasi oʻrniga teskari osmos texnologiyasi asosida yangi uskuna oʻrnatildi. Natijada suv tozalash quvvati soatiga 75 kub m dan 135 kub m gacha oshirildi hamda 1,3 million kub m tabiiy gaz va 189,8 ming kVt soat elektr energiyasi tejaldi.

Shuningdek, texnologik agregatlarni yuklamaga mos ravishda boshqarish va bekor turishlarni qisqartirish orqali 2,0 million kub m tabiiy gaz iqtisod qilindi. Tarmoq korxonalarida 5 ta chastotali boshqaruv qurilmasi oʻrnatilib, 8 ta eski elektrdvigatel energiya tejamkor zamonaviy dvigatellarga almashtirildi. Buning natijasida 610,1 ming kVt soat elektr energiyasi tejaldi.

“Sinoma Energy” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Navoiyazot” AJ suv sovitish tizimiga 6 ta energiya tejamkor nasos oʻrnatildi. Natijada 2026-yil birinchi choragida 3,5 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish ham tarmoqdagi ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda. Bugungi kunda tarmoq korxonalarida umumiy quvvati 12,2 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Ushbu quvvatlar hisobiga 15,2 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Jumladan, “Navoiyazot” AJda 5,7 MVt, “Maxam-Chirchiq” AJda 1,3 MVt va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda 2,5 mVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.

Navoiy viloyatida quvvati 300 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi belgilangan. Loyiha doirasida yillik 704 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan boʻlib, uning asosiy qismi “Navoiyazot” AJ ehtiyojlari uchun yoʻnaltiriladi.

Kimyo sanoatida energiya samaradorligini oshirish boʻyicha modernizatsiya ishlari ham izchil davom etmoqda. “Maxam-Chirchiq” AJda “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasi doirasida 52 MVt shamol elektr stansiyasi va yillik 3 000 tonna “yashil” vodorod ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Ushbu loyiha orqali korxonada yillik 16,0 ming tonna “yashil ammiak” ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, “Navoiyazot” AJda azot kislotasi ishlab chiqarish agregatlarini modernizatsiya qilish orqali yillik 9,0 million kub m tabiiy gaz tejalishi kutilmoqda. Germaniyaning “Linde GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi havo ajratish bloklarini ishga tushirish hisobiga esa yillik 25,0 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi rejalashtirilgan.

“Maxam-Chirchiq” AJda esa yangi energiya samarador “Havo ajratish” bloki qurilishi natijasida yillik 40,0 million kVt soat elektr energiyasini tejash imkoniyati yaratiladi.

Bugungi kunda kimyo tarmogʻida amalga oshirilayotgan har bir energiya tejamkor loyiha iqtisodiy samaradorlikni oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va mamlakat energetik xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu ishlar “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish jarayonida kimyo sanoatining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Farhod Babayev

“Oʻzkimyosanoat” AJ bosh mutaxassisi

 


So'nggi yangilash sanasi: 21.05.2026