"Yashil" energetika: "Navoiyazot" AJ 300 megavattli fotoelektr stansiyasini barpo etmoqda

// 25.04.2025 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (144.81 KB)

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ekologik jihatdan xavfsiz va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur strategiya ijrosi doirasida 300 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo etishga kirishildi.

Bu haqda “O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov quyidagilarni ma’lum qildi: 

–“Yashil” energetika tabiiy resurslaridan samarali foydalanish orqali ekologik xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy tejamkorlikka erishishning muhim shartlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yirik investision loyihalar aholi va sanoat korxonalariga hamyonbop narxda elektr energiyasini yetkazish imkonini beradi.

Shunga ko‘ra, "Navoiyazot" AJ tomonidan 300 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini qurish ishlari boshlandi. Bu loyiha ekologik toza energiya manbalaridan foydalanish orqali korxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qanoatlantirishga xizmat qiladi.

Loyiha “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida ekologik jihatdan xavfsiz va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish maqsadida amalga oshirilmoqda. Karmana tumanidagi 796 gektar maydonda qurilayotgan stansiya loyihasi Xitoyning “Sinoma energy” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning investisiya qiymati 220 million AQSH dollarini tashkil etadi va 100 nafar ish o‘rni yaratishni nazarda tutadi.

Stansiya ishga tushirilgach, korxona 100 foiz elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini o‘zining quyosh panellari orqali qoplaydi. Buning natijasida  soatiga 150 MVt energiya korxona ehtiyojlari uchun ishlatiladi, qolgan energiya esa xalq xo‘jaligida ishlatish uchun sotiladi. Muhimi, olinadigan elektr energiyasi 50-55 foizga arzonlashadi. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdori yillik 720 million tonnaga kamayadi.

Loyiha qurilishi ishlariga 1600 nafardan ortiq ishchi jalb etiladi. Ularning 500 nafari xitoylik mutaxassis, qolgani esa mahalliy aholi vakillari hisoblanadi. Birinchi bosqichda loyihaning 100 megavati sentyabr oyiga qadar ishga tushirilishi, 2026 yilning birinchi choragida esa 300 MVt quvvatli stansiya to‘liq foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

N.Ziyodullayeva, O‘zA


So'nggi yangilash sanasi: 18.06.2025