Ma’lumki, yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy kuchi hisoblanadi. Ayniqsa, tarmoq va korxonalardagi yangilanishlar ham ularning faol ishtiroki bilan bog‘liq. Shu boisdan ham yurtimizda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini amalga oshirishga keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida an’anaviy tarzda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazilib kelinayotgani ham shunday tadbirlar bilan mushtarakdir.
Navbatdagi bunday muloqot “Ammofos-Maksam” AJda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda jamiyat boshqaruvi a’zolari, “Ammofos-Maksam” rahbariyati, korxonada faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda “O‘zkimyosanoat” AJ raisi Odil Temirov yosh mutaxassislar bilan uchrashuv chog‘ida ularning maqsad va rejalari, tizimdagi o‘zgarishlarga munosabatlariga ahamiyat qaratdi.
Qayd etilganidek, bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan maqsad yoshlar tomonidan bildirilayotgan tashabbus, taklif va g‘oyalarni amaliy qo‘llab-quvvatlash, ularning ish joyida duch kelayotgan muammolarini o‘rganish, jamoadagi ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilash hamda rahbariyat va yoshlar o‘rtasida doimiy, samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
– Yoshlar bizning eng katta boyligimiz. Ular bilan ochiq muloqot qilish, tashabbus va g‘oyalarini tinglash hamda amaliy qo‘llab-quvvatlash tufayli biz korxonalarimizda samaradorlikni oshirish, butun tarmoqning kelajak taraqqiyotini ta’minlaymiz. Aytish kerakki, bunday an’anaviy muloqotlar yoshlarning kasbga bo‘lgan mehrini mustahkamlab, ularning tashabbuskorligi va mas’uliyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muhimi, bu kabi uchrashuvlar korporativ madaniyatni kuchaytirish, kadrlar siyosatida yoshlarning o‘rni va rolini mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – dedi Odil Temirov.
Ahamiyatlisi, yoshlar uchrashuvda o‘z taklif va savollari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyatga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayniqsa, ish sharoitlarini yaxshilash, malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga oid masalalar ilgari surildi. Shu bilan birga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, tarmoqning boshqa korxonalari faoliyatini o‘rganish, ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or innovasion texnologiyalarni joriy etish kabi tashabbuslar bildirildi.
Rahbariyat yoshlarning takliflarini diqqat bilan eshitib, ayrim loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi belgilandi. Shuningdek, rahbar va yoshlar o‘rtasida samarali muloqotni yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlarida faol yoshlar tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.