TILGA E’TIBOR – KELAJAKKA E’TIBOR

Hazrat Alisher Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” degan hikmatida olam-olam ma’no bor. Har bir millatning birinchi ramzi  uning tilidir. Til yashasa, millat ham barhayot bo‘ladi.

O‘z ona tilini mukammal bilgan inson boshqa tillarni ham tez o‘rganadi. Tilning rang-barangligi, jozibasini his etadi. Bu borada o‘zbek tili, shubhasiz, dunyo tillari ichida so‘zlarga boyligi, o‘ziga xosligi, asrlar osha sayqal topib borayotgani bilan alohida ajralib turadi.

E’tiborlisi,  milliy zabonimizda so‘zlashuvchilar soni tobora oshib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.

Yurtimizda o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor keyingi yillarda yanada kuchaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanadigan bo‘ldi. Har bir tashkilot, korxona, idoralarda davlat tiliga mas’ul bo‘lgan xodimlar faoliyat olib borishi ta’minlandi. Xususan, kimyo sanoati vakillaridan biri bo‘lmish – Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatida ham davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil may oyida korxonamizda “O‘zkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari  boshqaruv raislarining ma’naviyat va ma’rifat ishlari samaradorligini oshirish va davlat tili qonunlariga rioya etish masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida ikki kunlik sayyor seminar-trening tashkil etildi. Seminarda ishlab chiqilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, buyruqlar va boshqa ichki hujjatlarni davlat tilida to‘g‘ri tuzish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilda, tadbir doirasida taniqli shoir Rustam Mirvohid bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.    

Iyun oyida 60 nafar ishchi-xodim Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Malaka oshirish markazi o‘qituvchilari ko‘magida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslarida o‘z bilimlarini mustahkamladi.

Mashg‘ulotlar yakunida  kurs bitiruvchilariga sertifikatlar va “Davlat tilida ish yuritish” uslubiy-amaliy qo‘llanmasi tantanali ravishda topshirildi.

Jamiyatga tegishli hududda barcha tashqi yozuvlar, jumladan, peshlavhalar, e’lonlar, reklama va ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi ta’minlandi.

 Korxona kirib-chiqish va markaziy maydonida mumtoz kuy-qo‘shiq va maqomlar eshittirilishi tashkillashtirilgan. Shuningdek, korxonaga kirish qismida 3x5 metr o‘lchamda elektron monitor o‘rnatilgan bo‘lib, yurtimizda yuz berayotgan yangiliklar, korxona hayoti aks etgan yangiliklar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida  yoritib borilmoqda.

Korxona sex va bo‘limlaridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalarini talab darajasida boyitish va bezatish ishlari davom etmoqda. Shu yil davomida “Ammoniy sulfati va sulfat kislota” ishlab chiqarishi, aloqa sexi, axborot-kommunikatsiya texnologiya boshqarmasi, “Avtotransport” sexi “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalari lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosidagi g‘oyaviy-mafkuraviy, ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi  ko‘rgazmali jihozlar bilan to‘ldirildi. Xonalardagi mavjud yozuvlar lotin alifbosiga o‘zgartirildi, badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Bir qator sexlar ma’rifat xonalari, ishlab chiqarish binolari, jamoat joylari Taraqqiyot strategiyasiga oid ko‘rgazmali qurollar, shiorlar, banner-plakatlar bilan jihozlandi.

Barcha sex va bo‘limlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti to‘liq joriy qilindi.

Ishga yangi qabul qilinayotgan nomzodlar bilan davlat tilini bilish yuzasidan suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda.

“Til bor – millat bor” shiori ostida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan har bir so‘z ma’nosining sharhi korxonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida berib borilmoqda.

Korxona “Biznes-reja”siga alohida band sifatida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davlat tilini tatbiq etish jarayonlarini moliyalashtirishni nazarda tutgan manzilli pul mablag‘larini ajratish kiritildi. Buyam bo‘lsa, tilimizga har tomonlama e’tibor berilayotganidan dalolatdir.

 

 Ikrom Kurbonaliyev,

“Maxam-Chirchiq” AJ boshqaruv raisi maslahatchisi