Kimyo sanoati korxonalarini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va qishloq xo'jaligiga agrokimyo xizmati ko'rsatishni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida

O'zbekiston respublikasi Vazirlar mahkamasining Qarori, 23.01.2004y. №33

Mazkur Qarorga quyidagilarga muvofiq o'zgartirishlar kiritilgan

O'zR VM 31.03.2004 y. 154-son Qarori,

O'zR VM 12.10.2004 y. 471-son Qarori,

O'zR VM 08.09.2005 y. 206-son Qarori,

O'zR Prezidentining 24.07.2006 y. PQ-424-son Qarori,

O'zR VM 17.06.2009 y. 168-son Qarori,

O'zR VM 05.06.2010 y. 108-son Qarori

 

Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, qishloq xo'jaligini mineral o'g'itlar va o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari bilan ta'minlash sohasida intizomni mustahkamlash yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan ahvol qoniqarsizligicha qolmoqda. O'tkazilgan tekshirishlar vaqtida "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda "O'zqishloqxo'jalikkimyo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va uning hududiy korxonalari tomonidan shartnoma va moliya intizomining jiddiy buzilishi, mineral o'g'itlar va o'simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hisob-kitoblarning o'z vaqtida amalga oshirilmasligi hollari aniqlandi.

Mineral o'g'itlar va o'simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalarini ishlab chiqarish va sotishning yaxlit tuzilmasini yaratish, ularning qishloq xo'jaligiga yetkazib berilganligi uchun hisob-kitoblarning o'z vaqtida va to'liq amalga oshirilishini ta'minlash, hududiy agrokimyo xizmatlarining mas'uliyatini oshirish, ular va ishlab chiqaruvchi korxonalar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi

QAROR QILADI:

1. Ma'muriy islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarish tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo'yicha Respublika komissiyasi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, "O'zqishloqxo'jalikkimyo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi aksiyadorlari, "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik birlashmalari va "O'simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalari respublika bazasi" aksiyadorlik jamiyatining:

  • "O'zqishloqxo'jalikkimyo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasini tugatish;
  • "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik birlashmalarini, ularni "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga bergan holda, "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish;
  • "O'simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalari respublika bazasi" aksiyadorlik jamiyatini, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlari chigirtkaga qarshi kurashish ekspeditsiyalarini, Respublika agrokimyo stantsiyasini, Respublika o'quv-ishlab chiqarish biolaboratoriyasini, Zararkunandalar, kasalliklar va begona o'tlardan himoya qilish bo'yicha diagnostika, prognoz va biometod Respublika va hududiy laboratoriyalarini Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi tasarrufiga berish to'g'risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Quyidagilar "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • kimyo sanoatini zamonaviylashtirish, rekonstruktsiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashga yo'naltirilgan yagona texnika siyosati o'tkazish, resurslarni tejaydigan samarali texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni va butlovchi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rivojlantirish;
  • qishloq xo'jaligining mineral o'g'itlarga, o'simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalariga, shuningdek iqtisodiyot boshqa tarmoqlarining raqobatbardoshli kimyoviy mahsulotlarga bo'lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarining marketing tadqiqotlarini olib borish hamda ularga bo'lgan ehtiyojni aniqlash;
  • tarmoqni rivojlantirishning kimyo sanoatini barqaror rivojlantirishga, raqobatbardoshli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni ko'paytirishga, eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan o'rtacha muddatli va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mineral o'g'itlar, o'simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalarini ishlab chiqarish va taqsimlashning har yilgi balanslari ishlab chiqilishida qatnashish;
  • mineral o'g'itlar va defoliantlarni sotish bo'yicha har yilgi yarmarka savdolari o'tkazilishini tashkil etish;
  • xorijiy va Vatanimiz investorlarini jalb etgan holda kimyo sanoati korxonalarini chuqur isloh qilish va xususiylashtirish;
  • menejmentning zamonaviy usullarini egallagan va bozor sharoitlarida samarali ishlashga qodir bo'lgan muhandis-texnik kadrlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

3. "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining tashkiliy tuzilmasi va xodimlarining umumiy cheklangan soni 85 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 56 nafar bo'lgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

"Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining, ularning tumanlararo va tuman filiallarining namunaviy tuzilmalari 3, 4, 5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadigan Kompaniya kengashi "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi. (O'zR Prezidentining 24.07.2006 y. PQ-424-son Qarori tahriridagi xatboshi)

"O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisiga zaruriyat bo'lganda va Kompaniya kengashi bilan kelishgan holda xodimlarning shtatda belgilangan soni doirasida Kompaniyani boshqarish ijro etuvchi apparati tuzilmasiga o'zgartirishlar kiritishga ruxsat etilsin.

Belgilansinki, "O'zkimyosanoat" DAK boshqaruvi to'rt nafar a'zodan, shu jumladan, rais va uning 3 nafar o'rinbosarlaridan iborat bo'ladi. Rais yuqori boshqaruv organ tomonidan saylanadi, keyinchalik O'zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Boshqaruv raisining o'rinbosarlari yuqori boshqaruv organi tomonidan saylanadilar, keyinchalik belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar. "O'zkimyosanoat" DAK boshqaruvi raisi maishiy ta'minot, tibbiy va transport xizmati ko'rsatish shart-sharoitlari bo'yicha vazirga, rais o'rinbosarlari esa - vazir o'rinbosariga tenglashtiriladi. (O'zR VM 05.06.2010 y. 108-son Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)

4. Belgilansinki, "Qishloqxo'jalikkimyo" Qoraqalpog'iston respublika va viloyat aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruvi raislari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining taqdimnomasiga ko'ra "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi tomonidan lavozimga tasdiqlanadilar.

5. Belgilab qo'yilsinki, "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlari:

  • yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi va "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi;
  • o'z tumanlararo va tuman filiallari orqali tegishli hudud bo'yicha haqiqiy talabni o'rganadilar, buyurtmanomalarni umumlashtiradilar hamda pirovard iste'molchilar - qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari bilan mineral o'g'itlar va o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarining aniq turlarini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzadilar;
  • har yili 1 oktyabrdan kechikmay, qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilarining buyurtmanomalarini umumlashtirish asosida respublika viloyatlari bo'yicha mineral o'g'itlar va o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalariga bo'lgan ehtiyoj prognozini shakllantiradilar hamda mineral o'g'itlar va o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini vatanimiz ishlab chiqaruvchi korxonalarida ishlab chiqarish bo'yicha kelgusi yil dasturini o'z vaqtida tayyorlash uchun "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga taqdim etadilar.

6. Quyidagi tartib belgilansin, unga ko'ra:

  • 2004 yildan boshlab ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mineral o'g'itlarning asosiy turlarini va defoliantlarni ulgurji sotish yuzasidan shartnomalar (kontraktlar) tuzish har yili o'z mahsulotlarining ko'rgazma-sotuvini tashkil etgan holda yarmarka savdolarida amalga oshiriladi;
  • mineral o'g'itlar va defoliantlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar va import qiluvchilar - bir tomondan, ulgurji xaridorlar -"Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlari va mahsulotning boshqa ulgurji iste'molchilari - ikkinchi tomondan yarmarka savdolari qatnashchilari hisoblanadilar;
  • shartnomalar tuzish hamda mineral o'g'itlar va defoliantlarni sotish bo'yicha yarmarka savdolari har yili, prognoz yilidan oldingi yilning oktabr-noyabr oylarida o'tkaziladi.

Ko'rsatib o'tilgan vazifani amalga oshirish uchun:

  • "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ijro etuvchi apparati tuzilmasida mineral o'g'itlar va defoliantlar yarmarka savdolarini tashkil etish bo'limi hamda doimiy faoliyat ko'rsatuvchi yarmarka qo'mitasi tashkil etilsin;
  • O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Buyurtmalarni shakllantirish, yarmarka savdolarini o'tkazish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilariga yetkazib beriladigan mineral o'g'itlar va boshqa kimyoviy mahsulotlarni sotish hamda ular uchun hisob-kitob qilish to'g'risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.

7. "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining mineral o'g'itlar ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan vositachilik shartnomalari bo'yicha va "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining omborlarida javobgarlik ostida saqlash uchun mineral o'g'itlar jo'natish taqiqlansin.

"O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi kengashi mineral o'g'itlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga maxsus jihozlangan omborxonalar ajratish va berish masalasini, ishlab chiqarilgan mahsulotni saqlash xavfsizligi rejimi qat'iy ravishda ta'minlanishini nazarda tutgan holda, bir oy muddatda ko'rib chiqsin.

O'zR VM 17.06.2009 y. 168-son Qaroriga muvofiq 8 band o'z kuchini yo'qotgan.

8. Belgilansinki, "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining chakana savdo tarmog'i orqali dehqon va fermer xo'jaliklariga sotiladigan mineral o'g'itlar va kimyoviy preparatlarga qo'shilgan qiymat solig'i solinmaydi.

9. "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi kengashi bir oy muddatda:

  • "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik birlashmalari, tumanlararo va tuman filiallarining faoliyatini mukammal o'rganib chiqsin hamda ularni "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin, shuningdek ularning rahbarlari attestatsiyadan o'tkazilishini ta'minlasin;
  • "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ijro etuvchi apparatining shtatdagi xodimlari sonini qayta ko'rib chiqsin, uni yuqori malakali kadrlar bilan butlasin, mazkur qarorni hisobga olgan holda Kompaniyaning yangi ustavini tasdiqlasin;
  • O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo'mitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

10. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 16 yanvardagi F-1893-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Maxsus ishchi guruh bir oy muddatda tugatish komissiyasini tuzsin hamda "O'zqishloqxo'jalikkimyo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasini tugatishga doir tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshirsin.

11. Quyidagilar:

  • kaliyli o'g'itlar yetkazib berish bo'yicha - "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi;
  • tegishli huquq va majburiyatlar, shu jumladan 7-ilovaga muvofiq ilgari tuzilgan import kontraktlari bo'yicha - "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlari tugatilayotgan "O'zqishloqxo'jalikkimyo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining huquqiy vorislari etib belgilansin.

12. Maxfiy.

13. O'zbekiston Respublikasi Hukumatining 9-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

14. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.

15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

 

I. Karimov

Vazirlar Mahkamasining Raisi

 


O'zbekiston Respublikasi Hukumatining o'z kuchini yo'qotgan ayrim qarorlari

RO'YXATI

1. Vazirlar Mahkamasining "Qishloq xo'jaligiga agrokimyo xizmati ko'rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2001 yil 1 fevraldagi 63-son qarorining 1-9, 12-17-bandlari (O'zbekiston Respublikasi QT, 2001 y., 2-son, 8-modda).

2. Vazirlar Mahkamasining "Kimyo sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2001 yil 13 martdagi 124-son qarorining 3, 4, 11 va 16-bandlari.

3. Vazirlar Mahkamasining "O'zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Kengashi a'zolari tarkibi to'g'risida" 2001 yil 15 martdagi 129-son qarori.

4. Vazirlar Mahkamasining "2003-2004 yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi to'g'risida" 2003 yil 17 apreldagi 185-son qaroriga 3-ilovaning 373-385-bandlari.

5. Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida" 2003 yil 25 sentyabrdagi 412-son qarorining 3-bandi (O'zbekiston Respublikasi QT, 2003 y., 9-son, 89-modda).

6. Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida" 2003 yil 20 oktyabrdagi 451-son qaroriga ilovaning 1-bandi (O'zbekiston Respublikasi QT, 2003 y., 10-son, 100-modda).

7. Vazirlar Mahkamasining "Davlat va xo'jalik boshqaruvi respublika organlarining boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish va qisqartirish to'g'risida" 2004 yil 5 yanvardagi 1-son qaroriga 3-ilovaning 6 va 47-bandlari.