Rezinatexnika buyumlari ishlab chiqarishga mo'ljallangan korxona faoliyati rivojlantirilmoqda

// 07.07.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (177.97 KB)

“Birinchi rezinotexnika zavodi” mas'uliyati cheklangan jamiyati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida rezinatexnika buyumlari zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan 2014 yilda tashkil etilib 2018 yil iyul oyidan mahsulot ishlab chiqara boshladi. Korxona yiliga 3 million dona avtomobil hamda 200 ming dona qishloq xo'jaligi shinalari va 100 ming pagonometr konveyer lentasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mazkur zavodni qurilishiga Davlat kafolati ostidagi Xitoyning “Eksimbank” bankidan 156,4 mln. dollar mablag'lar jalb qilingan.

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ qishloq xo'jaligi va avtomobil shinalarining yagona yetkazib beruvchisi sifatida davlat (byudjet va korporativ) buyurtmachilariga jamiyat mahsulotlarini maxsus ma'lumotlar portalida ro'yxatdan o'tkaziladigan to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida harid qilishga ruxsat berilgan.

Davlat tomonidan berilgan mazkur preferentsiyadan ko'zlangan maqsad birinchi navbatda iqtisodiyotimizni barcha tarmoqlarini arzon, sifatli mahalliylashtirilgan mahsulotlar bilan ta'minlash orqali qo'shimcha qiymatga ega bo'lgan mahsulotlar tannarxini pasayishiga erishish, importni qisqartirish hisobiga milliy valyuta qadrini oshirish, soliq tushumini ko'paytirish hamda yangi ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan.

Bugungi kunda korxona faoliyati yo'lga qo'yilishi natijasida 1100 dan ortiq mahalliy aholi ish bilan ta'minlanib, 2020 yil davomida 438,0 mlrd.so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib 57,0 mlrd. so'm soliq to'lovi amalga oshirilishi kutilmoqda. Korxona faoliyati to'liq quvvatga chiqqanda esa soliq to'lovi 147,0 mlrd. so'mni tashkil etadi.

Shu o'rinda korxonaga Hukumat tomonidan berilgan preferentsiya nafaqat yangi ish o'rinlari yaratish, hududning infratuzilmasini rivojlantirish, balki import o'rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, davlat va xorij bank mablag'lari evaziga bunyod etilgan korxonani sof foydaga olib chiqish hamda belgilangan muddatlarda mablag'larni qaytarishga xizmat qilishini ta'kidlab o'tish lozim.

Jamiyatda ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari (o'rtacha narxi - 25 dollar ekv.) sifat ko'rsatkichlari bo'yicha Koreya Respublikasidan import qilinayotgan mahsulotlar (o'rtacha narxi – 40-45 dollar ekv.) bilan bir xil darajada bo'lib narx jihatidan ularga nisbatan 60-80 foizga arzon hamda Xitoy mamlakatidan import qilinayotgan sifat darajasi past bo'lgan mahsulotlar bilan bir xil narxda realizatsiya qilinmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunda O'zbekiston avtomobil shinalari bozorida 70-75 foiz ulush Xitoy mamlakatida ishlab chiqarilgan sifat darajasi past bo'lgan mahsulotlar hisobiga to'g'ri kelmoqda. Bu esa o'z navbatida iste'molchilar harajatlarini oshishiga olib kelib, mamlakatdan yiliga o'rtacha 60,0 mln. dollar valyuta mablag'larni samarasiz chet elga chiqib ketishiga sabab bo'lmoqda. Mahalliy iste'molchilar sifatli mahsulotlar iste'mol qilganda yiliga o'rtacha 25-30 mln. dollar valyuta mablag'larini iqtisod qilish imkoniyatiga ega bo'lamiz. Shuni ta'kidlash joizki, Respublikamizda shinalar importiga yiliga qariyb 110,0 mln. dollar mablag' sarflanmoqda.

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ tomonidan to'liq quvvvatda ishlab chiqarish yo'lga quyilgandan so'ng yiliga 75,0 mln. dollar ekvivalentdagi avtomobil shinalarini ishlab chiqarish ko'zda tutilgan bo'lib buning uchun xorijdan 48,7 mln. dollarlik xom-ashyo resurslari import qilinishi talab etiladi va buning natijasida Respublikamizda 26,3 mln. dollar valyuta mablag'larni tejalishiga olib keladi.

Jahon iqtisodiyotida, rivojlangan davlatlarda, shu jumladan, Jahon savdo tashkiloti a'zo davlatlarida ham iqtisodiyotida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, imtiyozlar – preferentsiyalar bilan himoya qilish keng tadbiq etiladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida import qilanayotgan shu turdagi mahsulotlarga bojxona to'lovlarini joriy etish, foizsiz kreditlar ajratilishi, maxsus Hukumat qarorlarini qabul qilish kabi usullar shular jumlasidan.

Misol tariqasida AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy tovarlariga yuqori tarif va bojlarni joriy etish qarorini Xitoy bilan savdo-sotiqdagi katta defitsitni bartaraf etish, mamlakat iqtisodiyotini himoya qilish va Amerikada tashkil etilgan ish o'rinlarini saqlab qolishga xizmat qilishi bilan izohladi. Rasmiy Pekin bilan o'tkazilgan muzokoralarga qaramay, Vashington 250 milliard dollarlik Xitoy tovarlariga 25% miqdordagi, 120 milliard dollarlik mahsulotlarga esa 7,5% miqdordagi bojni saqlab qoldi.

Rossiya Federatsiyasida esa davlat yoki munitsipal imtiyozlarni berish davlat organlari tomonidan faqat aniq maqsadlar uchun berilgan huquqiy hujjatlarga asoslanadi. Davlat yoki munitsipal imtiyozlar Konstitutsiyada ko'rsatilgan fuqarolik huquqlariga ta'sir qilishi mumkinligi sababli davlat va munitsipal imtiyozlarining tasnifi davlat va fuqarolarning tegishli konstitutsiyaviy huquqlariga asoslangan holda shakllantiriladi. Bundan ko'rinib turibdiki, Rossiyada davlat tomonidan berilgan imtiyozlar nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashni balki, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini mustahkamlashni nazarda tutadi. Jumladan, joriy yilning 23 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin fuqarolar va biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi chora-tadbirlarni taklif qildi. Unga ko'ra zarar ko'rgan tarmoqlardagi korxonalarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun 100 milliard rubl ajratilishi belgilandi.

Dunyo hamjamiyati kabi mamlakatimizda ham koronavirus infektsiyasining tarqalishi va pandemiya oqibatlari “Birinchi rezina texnika zavodi” MChJda mahsulot sotish darajasining pasayishiga hamda korxonani barqaror faoliyat yuritishiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Ushbu salbiy ta'sir oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi tomonidan 40,0 mlrd. so'm ssuda ajratildi, o'z navbatida, ushbu mablag'lar ishlab chiqarishni uzviyligini ta'minlash maqsadida xom-ashyo mahsulotlarini (tabiiy kauchuk, texnik uglerod va boshqa turdagi kimyoviy reagentlar) sotib olishga sarflanishi natijasida ishlab chiqarish uzluksizligi ta'minlanadi.

Shu bilan birga, 2020 yilda to'lanishi lozim bo'lgan 1,5 mln. dollarlik kredit qarzdorliklari so'ndiriladi, sotish darajasi 12,7 %ga ko'tariladi hamda yangi 25 turdagi avtomobil shinalari ishlab chiqariladi va lokalizatsiya orqali 37 xil import o'rnini bosuvchi mahalliylashtirilgan hom-ashyolar ichki bozordan sotib olinadi.

Korxonaning mamlakat iqtisodiyotiga qo'shayotgan ulushiga to'xtaladigan bo'lsak, import o'rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilayotganligi, mahsulot tannarxining import qilanayotgan mahsulotlarga nisbatan arzon ekanligi va doimiy ravishda tannarxni kamaytirish borasida amaliy ishlar olib borilayotganligini ta'kidlab o'tish lozim. Joriy yil I yarim yilligida mahsulot tannarxi 5,2 mlrd. so'mga (8%) kamaytirildi.

2020 yilda ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini kamaytirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra importdan sotib olinayotgan xom-ashyo va materiallar muqobil yetkazib beruvchilarni topish, mahalliylashtirish dasturi ijrosi va texnologik yo'qotishlarni kamaytirish hisobiga yil yakunida tannarxni 28,4 mlrd. so'mga (10%) kamaytirilishi ta'minlanadi.

Pirovard natijada, “Birinchi rezina texnika zavodi” MChJ faoliyatining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari o'rtasida kooperatsion aloqalarni kengaytirishga, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa o'z navbatida ko'shimcha qiymatga ega bo'lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali YaIM oshishiga va respublika aholisini ish bilan ta'minlagan holda ularning daromadini oshirilishiga xizmat qiladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati